Qayd etilishicha, hibsga olinganlar Moskvada kichik biznes bilan shug‘ullangan va general o‘ldirilganidan ko‘p o‘tmay poytaxtni tark etgan. Ular Kirillovni o‘ldirgan deb taxmin qilinayotgan shaxs — O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov uchun Moskva viloyatida uy ijaraga olganlikda gumonlanmoqda.
Gumonlanuvchilar politsiyaga bo‘ysunmagani va mayda bezorilik qilgani uchun 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan. Hibsga olish muddati tugagach, ular Moskvaga yuboriladi, u yerda Kirillovning o‘ldirilishi bo‘yicha ish olib borayotgan Tergov qo‘mitasi va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari ularni qabul qilib oladi.
Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov 17-dekabr kuni ertalab generalning uyi eshigi oldida qo‘yilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan. Ahmad Qurbonovni ayblanuvchi sifatida bir necha soatdan so‘ng qo‘lga olishgan. Unga nisbatan terakt va qurollarning g‘ayriqonuniy muomalasiga oid moddalar (JKning 3 ta moddasi) bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, qamoqqa olingan.
So‘roq paytida, Rossiya huquq-tartibot idoralari rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Qurbonov uni Ukraina maxsus xizmatlari yollaganini, jinoyat sodir etgani uchun unga 100 ming dollar va Yevropa davlatlaridan biriga borish va’da qilinganini aytgan.