Jamiyat

Noqonuniy qazishlar sabab 7 ta yashil maydon yoʻq boʻlib ketgan — Ekovazirlik

Noqonuniy qazishlar sabab 7 ta yashil maydon yoʻq boʻlib ketgan — Ekovazirlik

Samarqand viloyatida oʻtkazilgan ikkita reyd davomida qum-shagʻal qaziyotganlar tabiatga katta miqdorda zarar yetkazgani aniqlandi, deya xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi.

Xususan, Qoradaryoning Oqdaryo tumaniga tutash qismida bir guruh fuqarolar tungi soat 02:00 da noqonuniy ravishda qum-shagʻal qazib olayotgani va uni holat joyiga yaqin tosh maydalash sexiga olib borayotgani maʼlum boʻldi. Ushbu holatda, tabiatga 118 milliard soʻm zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 2 ta yuk tashuvchi transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi.

Bundan tashqari, Zarafshonning Toyloq tumaniga tutash qismida ham bir guruh fuqarolar tungi soat 04:30 da Zarafshon milliy tabiat bogʻi hududida 7 ta ekskavator va 25−30 ta yuk tashuvchi transport vositalaridan foydalangan holda qum-shagʻal qazib olgan. Bu holatda tabiatga 708 milliard soʻm zarar yetkazilgan.

Holat boʻyicha barcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 1 dona ekskavator va 3 dona yuk tashuvchi transport vositalari tegishli tartibda jarima maydoniga joylashtirildi.

Dastlabki oʻrganishlar davomida aniqlanishicha, Zarafshon milliy tabiat bogʻi hududida noqonuniy qazish ishlari doimiy ravishda olib borilgani sababli 7 gektar yashil maydon yoʻq boʻlib ketgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan toʻplangan hujjatlar tegishli chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.