Jahon, Jamiyat

Qozog‘istonda karantin eʼlon qilindi

Qozog‘istonda karantin eʼlon qilindi

Qozog‘istonning Qostanay viloyati Auliyeko‘l tumani Novoselovka qishlog‘ida brutsellyoz kasalligi tarqalgani sababli karantin choralari joriy etildi.

Qanday cheklovlar kiritildi?

Mahalliy hokimiyat qaroriga ko‘ra, hududda quyidagi cheklovlar joriy qilindi:

Jonivorlarning karantin hududi orqali o‘tkazilishi yoki tashilishi taqiqlanadi;

Sog‘lom jonivorlarni hududga olib kirish yoki chiqarish man etilgan (faqat ularni so‘yish uchun olib chiqish mumkin);

Epizootik nuqtalar joylashgan hududda hosil qilingan xashak, somon yoki boshqa ozuqa mahsulotlarini boshqa hududlarga olib chiqish taqiqlanadi;

Jonivorlar yoki odamlarning to‘planishi bilan bog‘liq tadbirlarni o‘tkazish man etiladi.

Bu o‘zi qanday kasallik?

Ma’lumot uchun, brutsellyoz malta isitmasi yoki qora oqsoq deb ham ataladi. Bu odam va hayvonlarda uchraydigan infeksion kasallik. Brutsellyozni brutsella bakteriyalari qo‘zg‘atadi, ular tashqi muhitda (suv, tuproq, teri va hokazo) bir necha oy saqlana oladi, dezinfeksiyalovchi vositalarda esa bir necha daqiqada nobud boʻladi.

Brutsellalar kasal hayvonning suti, goʻngi, tushgan bolasi bilan tashqariga chiqadi, ular shu hayvonning goʻshtida ham boʻladi. Organizmga brutsellalar hazm va nafas yoʻllarining shilliq pardalari, shuningdek shikastlangan teri orqali tushadi.

Bu kasallik odamga ham yuqishi mumkinmi?

Brutsellyoz bilan og‘rigan molning xom suti va sut mahsulotlari (pishloq, moy), shuningdek chala pishirilgan goʻshti isteʼmol qilinganda kasallik odamga yuqadi. Brutsellyoz bilan koʻproq molboqarlar, choʻponlar, kushxona, terini oshlash korxonasi ishchilari va boshqa kasallanadi. Bunda asosan nerv, yuraktomir sistemasi va suyakboʻgʻim apparati zararlanadi.

Alomatlar

Kasallikning yashirin davri 1—3 hafta. Uning kechishi va belgilari xilmaxil boʻladi. Oʻtkir boshlanganida isitma koʻtariladi, bemor gʻaraqgʻaraq terlaydi, lohaslik alomatlari kuzatiladi; oyoqqoʻl, bel, muskul va boʻgʻimlar zirqirab ogʻriydi. Isitma goh koʻtarilib, goh pasayib turadi, jigar, qora taloq kattalashadi, keyinroq boʻgʻimlar yalligʻlanadi.

Oldini olish va kurash choralari

Kasallik tarqalgan hududlardan mollar chetga chiqarilmaydi. Brutsellyoz aniqlangan xoʻjaliklarda kasal hayvonlar soʻyishga topshiriladi, sut, goʻsht kabi mahsulotlar maxsus usullarda zararsizlantiriladi, sogʻlom hayvonlar emlanadi.