Hurmatli prokurorlar iltimos sudlarda uxlamang, chunki u yerda inson taqdiri hal bo‘lmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida himoyamiz ostidagi X.X va boshqalarga oid jinoyat ishi sudya X.Z.Axmedova raisligida ko‘rib chiqilib, mazkur jinoyat ishi tugallanish arafasida.
Sud tomonidan ish yakuniy to‘xtamga kelinmaganligi sababli mazkur ishni tafsilotlariga to‘xtalib o‘tirmayman.
Mazkur sud majlisida qatnashib ayblovni quvvatlayotgan prokuror Mustafaqulov sudga o‘ta hurmatsizlik qilib, sudlanuvchilar va guvohlarni ko‘rsatma berish jarayonlarida bepisandlik bilan bemalol uxlab o‘tirish holatlarini guvohi bo‘ldik.
Ya’ni prokuror Mustafaqulov jisman sud majlislarida bo‘lsa-da, ruhan u yerda yo‘q edi. Uning o‘zini bunday tutishi, “Baribir ayblov hukmi chiqadi, oldindan hammasi ma’lumki” degan o‘ziga ishonchi borligidan dalolat berib turardi.
Ayniqsa bu holat prokurorni muzokara nutqida yaqqol o‘z aksini topdi. Ya’ni prokuror sud protsesslarida aniqlangan va isbotini topgan dalillarni emas, balki tergovning uzundan-uzoq soxta ayblovini o‘qib eshittirib (aslida sudlanuvchilar soxta va nomaqbul dalillar bilan ayblanayotganligi, sud tergovi davomida keltirilgan dalillar, sudlanuvchilar va guvohlarni ko‘rsatmalari bilan to‘liq isbotini topgan edi), ushbu ayblov asosida suddan, sudlanuvchilarni o‘ta og‘ir jinoyatda aybdor deb topishni va ularga 9-10-yildan ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishini so‘radi.
Bu ham yetmaganidek prokuror o‘zining muzokara nutqida suddan, sudlanuvchilarni “o‘z aybiga iqror bo‘lmaganlik” holatini JKning 56-moddasiga ko‘ra og‘irlashtiruvchi holat deb baholanishini so‘radi. Eng qizig‘i advokatning JKning 56-moddasida aybni bo‘yniga olmaslik og‘irlashtiruvchi holat emasligi to‘g‘risidagi replikasiga, aytgan prokuror o‘ta sovuqqonlik bilan “unda men muzokaramni yozma shaklida “g‘arazli va boshqa past niyatlar”ga o‘zgartirib qo‘yaman”- deb aytganligi umuman noqonuniy va qabul qilib bo‘lmas holatdir.
Agarda prokuror ko‘plab insonlar taqdiri hal etilayotgan sud majlislarida uxlamasdan qatnashganida, oz bo‘lsa-da vijdonan mazkur ishni ichiga kirganida bu tarzda muzokara qilmas edi.
⁉️Bundan ham achinarlisi, prokuror aynan ushbu o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etgan yana bir sudlanuvchiga u xam boshqa sudlanuvchilar bilan bir xil moddada nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan bo‘lsa-da, u ham aynan boshqa sudlanuvchilar bilan bir tashkilotda, bir xil lavozimda ishlagan bo‘lsa-da, “ko‘rsatgan qandaydir buyuk xizmatlari uchun” 5-yilgina ozodlikni cheklash jazosini berilishini so‘radi.
Hurmatli prokurorlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa kodekslarida O‘zbekiston fuqarolari qonun oldida teng deb belgilanganligi nahotki sizlarga noma’lum bo‘lmasa.
ILTIMOS HURMATLI PROKURORLAR SUD MAJLISLARIDA UXLAB INSONLAR TAQDIRIGA BEFARQ BO‘LMANG!!!
Manba: Advokat Bobonorov telegram kanali
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!