Ijtimoiy tarmoqlarda «Afrosiyob» poyezdi to‘xtab qolganligi haqidagi videolar keng tarqaldi. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ izoh berdi.
Temir yo‘llarda beton shpal yotgan edi
2025-yil 14-yanvar kuni soat 23:15 da Ziyоvuddin va Navoiy stansiyalari o‘rtasidagi 3872 kilometrlik yo‘lda Toshkent-Buxoro yo‘nalishida ketayotgan 772-sonli “Afrosiyob” tezyurar poyezdi bilan bog‘liq voqea yuz berdi. Temir yo‘llarda beton shpal yotgan edi, bu esa favqulodda tormozlashni talab qildi. Mashinistlarning professional harakatlari tufayli jiddiy oqibatni oldi olindi va yo‘lovchilar xavf ostida qolmadi.
Poyezd harakatlanish uchun xavfsiz deb topilgan
To‘xtagandan so‘ng, poyezd texnik guruh tomonidan zudlik bilan ko‘rikdan o‘tkazildi. Maʼlum darajada shikastlanganiga qaramay, poyezd keyingi harakatlanish uchun xavfsiz deb topildi va o‘z yo‘nalishini davom ettira oldi va soat 01:27 da Buxoro vokzaliga yetib keldi.
““O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ poyezdlar harakati xavfsizligi va ishonchliligini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Yo‘lovchilarga tushunganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz va kelgusida bunday hodisalarning oldini olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Shpal kovlab olingan
Voqea joyiga zudlik bilan “Ziyovuddin” temir yo‘l masofasi mutaxassislari, Buxoro mintaqaviy uzelining xodimlari va transport xavfsizligini taʼminlash xizmati xodimlari yetib keldi. Voqea sabablari o‘rganilish jarayonida temir yo‘l belgisi yiqilmasligi uchun o‘rnatilgan shpal bo‘lagi kovlab olinib, temir yo‘ning ustiga qo‘yilgan. Buning ortidan mashinistlar poyezdda keskin tormozni amalga oshirishga majbur bo‘lgan. Mutaxassislarning fikricha, agar poyezd keskin to‘xtashni amalga oshirmasa “Afrosiyob” temir yo‘l izidan chiqib ketishi mumkin bo‘lgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!