Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qancha tumanlarida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablarini aniqlash maqsadida o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ifloslantiruvchi moddalar miqdori keskin koʻpaygan
Nazorat ishlari vazirlik Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmalari, Favqulodda vaziyatlar bo‘limlari, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi.
O‘rganish davomida Toshkent halqa avtomobil yo‘lidagi 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi bo‘yicha ko‘chma laboratoriya orqali havoning ifloslanish darajasi tahlil qilindi. Natijada PM-2.5, 10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori 0,05 mgd.an 540 mg.gacha ortib ketgani aniqlandi.
Oʻrganish ishlari olib borildi
Monitoring jarayonida jami 486 ta issiqxonalarda o‘rganish, tushuntirish va profilaktika tadbirlari olib borildi. Natijada esa ulardan 440 tasi faoliyat yuritayotgani, o‘z navbatida, 46 ta issiqxona mavsumiy, ya’ni qozonxonasi yo‘qligi sababli ish faoliyatida emasligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, bunday issiqxonalar Zangiotada 16 tani, Qibrayda — 10 ta, Toshkent tumanida — 4 ta, Yunusobodda — 11 ta hamda Mirzo Ulug’bekda 5 tani tashkil etadi.
Maʼmuriy jarima
Dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan jami 37 ta issiqxona egalariga ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 46 ta issiqxona faoliyati esa to‘xtatildi.
Shu bilan birga, 426 ta issiqxona egalari ekologik talablarga javob beruvchi chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish hamda rezina qoldiqlari va boshqa chiqindilardan yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirildi. Vazirlik nazorat tadbirlari davom etayotganini qayd etgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!