Jumladan, ekologiya vaziri maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayev videomurojaat qildi. Uning aytishicha, O‘zbekiston qonunchiligida millatlararo adovat qo‘zg‘ashga qaratilgan holatlar bo‘yicha javobgarlik mavjud. Shu bilan birga, xalqaro normalarda ham insonning kelib chiqishidan kamsitish, haqorat qilish, noinsoniy munosabat qilish mumkin emasligi ko‘rsatilgan. 

“Bugungi rus jamiyatining aksariyati ilgarigi rus jamiyatidek emas. Bugun ular alamlarining, yo‘qotishlarining, mag‘lubiyatlarining zahrini kimga sochishni bilmayotgan jamiyat. Va harbiy mafkura bilan yashayotgan jamiyat. Markaziy osiyoliklarni, bir vaqtlar koloniya qilib bosib olib foydalangan bu xalq, ko‘pchiligi hali ham o‘zining shovinistik qarashlaridan voz kechmagan. Juda ham hurmatli insonlari, teng munosabat qiladigan, ziyolilari bor. Shu bilan birga, millatchilari ham uyg‘onib kelyapti. Bugungi kunda ularning safi ko‘payib boryapti. 

Endi bir kami itga tenglashtirish qolgandi o‘zbekistonliklarni. Bu safar ham Tashqi ishlar vazirligimiz jurʼatsizlik qilib, mum tishlab o‘tiradigan bo‘lsa, bilmadim, bunaqa noinsoniy, pastkash munosabatning chegarasi ko‘rinmayapti. Agar biznikilar birortasi rus millati vakilini itga, cho‘chqaga yoki biror narsaga tenglashtirib internetga tarqatsa, bilasizmi, qanaqa javobgarlik bo‘ladi, qanaqa reaksiya qilinadi?! 

Toshkentdagi maktabda rus tili o‘qituvchisi bilan bog‘liq muammo kelib chiqqanida Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova chiqib izoh so‘ragandi”, deydi Rasul Kusherbayev.

Uning aytishicha, bu yerda butun millat tahqirlanyapti, kamsitilyapti. 

“Bilmadim, shunda ham Tashqi ishlar vazirligimiz indamay kuzatib, ularga paxta qo‘yish bilan ovora bo‘lsa, bilmadim, ertaga bundan battar narsalarga tenglashtiriladi. Xalqaro shartnomalarimiz bor, davlatlararo munosabatlar bor. Biz kelishganmiz-ku, o‘rtamizdagi hamma hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalar bormi, hammasi o‘zaro tenglik, bir-birini hurmat qilish asosida bo‘ladi, bir-birimizni kamsitmaymiz deganmiz. Davlatlararo munosabatlarda tengmiz, deb tan olingan-ku”, deya qo‘shimcha qiladi Kusherbayev.

Rasul Kusherbayev rossiyalik siyosatchilar qilayotgan pastkash munosabatlarga Tashqi ishlar vazirligi, vakolatli idoralar biror marta normal darajada munosabat qilmaganini aytib o‘tdi.

“Tashqi ishlar vazirligimiz uxlamasdan, jurʼatni yig‘ib chora ko‘rsin, shunda odamlar ham tinchlanadi”, deydi u.

O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari

Avvalroq “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga O‘zbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning “O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati”ga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgandi.

Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni ro‘yxatga kiritish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kengashining, Senati kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.

Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston hududiga kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.