Raqobat qoʻmitasi tumandagi ichimlik suvi talabga javob bermasligi va aholi bilan qayta hisob-kitob qilinganini xabar qilgandi.
Xovos tumanida ichimlik suvining sifati talabga javob bermasligi va aholi bilan qayta hisob-kitob qilingani xabar berilgandi.
Holat yuzasidan Xovos tumani sanitariya-epidemiologiya xizmati va Sirdaryo viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamkorligida oʻrganishlar oʻtkazilgan. Oʻrganish natijasida “Xovosobod”, “Gulbahor”, “Qahramon”, “Mustaqillikning 25 yilligi”, “Oqchangal” mahalla fuqarolar yigʻini hamda ularning ayrim koʻchalaridagi xonadonlar va maktablarda ichimlik suvining sifatiga doir tekshiruvlar oʻtkazilgan.
Jumladan:
• Totuvlik koʻchasi, 45-uy,
• Zomin koʻchasi, 66-uy,
• Gulbahor MFY, 6-sonli maktab,
• Nurchilar koʻchasi, 12-uy,
• “Mustaqillikning 25 yilligi” MFY, 17-maktab,
• Olchazor koʻchasi, 32-uy,
• Obod koʻchasi, 36-uy.
Oʻtkazilgan dastlabki laboratoriya tahlillari natijasida ayrim koʻrsatkichlar belgilangan meʼyorlardan yuqori ekanligi qayd etilgan. Shu asosda, Xovos tumani sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan ishchi guruhi tashkil etildi va yuqorida qayd etilgan hududlarda ichimlik suvi tizimlarini yuvish va dezinfeksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Koʻrilgan choralardan soʻng, ushbu hududlardan qaytadan namuna olinib, laboratoriya tahlillari oʻtkazildi.
Qayta tekshiruvlar natijalariga koʻra, ichimlik suvi sifati sanitariya-gigena talablariga toʻliq javob berishi va aholi tomonidan foydalanish uchun yaroqli ekanligi tasdiqlangan.
«Shu munosabat bilan ayrim manbalarda Xovos tumani ichimlik suvining sifati haqida tarqatilgan salbiy maʼlumotlar haqiqatga mos emasligi, hozirgi vaqtda hududlarda ichimlik suvi sanitariya-epidemiologiya meʼyorlariga toʻliq mos kelishi maʼlum qilinadi», deyiladi «Oʻzsuvtaʼminot» munosabatida.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!