O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat Strategik islohotlar agentligi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, shahar hayotini jonlantirish, iqtisodiy faollikni oshirish va turizmni rivojlantirishni maqsad qilgan. Konsepsiya 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan gastronomik zonalar, madaniy tadbirlar, zamonaviy texnologiyalar va infratuzilmalar rivojlanishini nazarda tutadi.
Tungi iqtisodiyot nima va u nima uchun kerak?
Tungi iqtisodiyot – bu shaharlar hayotini faqat kunduzgi soatlar bilan cheklamay, kechasi ham jozibador va iqtisodiy faol hududga aylantirishni anglatadi. U nafaqat turizmni rivojlantirish, balki iqtisodiyotga qo‘shimcha daromad olib kelish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini oshirish imkonini beradi.
Konsepsiyaga ko‘ra, 24/7 rejimida ishlaydigan kafelar, restoranlar, tungi bozorlardan tortib, madaniy va sport tadbirlari, zamonaviy transport tizimlari hamda xavfsizlikka oid texnologiyalar keng joriy etiladi. Bu orqali nafaqat mahalliy aholi, balki turistlar uchun ham qulay sharoitlar yaratiladi.
Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari
Konsepsiya o‘n yo‘nalishni qamrab oladi. Quyida asosiy yo‘nalishlar va ularning ahamiyatini ko‘rib chiqamiz:
1. 24/7 rejimida ishlaydigan gastronomik zonalar va bozorlar
Shaharlarning ayrim ko‘chalari maxsus gastronomik zonalarga aylantiriladi. Bu hududlarda tunu kun xizmat ko‘rsatadigan kafelar, restoranlar va bozorlar faoliyat yuritadi. Ushbu hududlar zamonaviy yoritish tizimlari, xavfsizlik, qulay avtoturargohlar va sanitariya sharoitlari bilan ta’minlanadi.
2. Tungi transport tizimi
Kechasi ham barqaror va xavfsiz jamoat transporti tizimini yo‘lga qo‘yish rejada bor. Bu shaharlarning hayotini jonlantirishda asosiy omillardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Maxsus transport yo‘nalishlari va chiptalar tizimi orqali transportdan foydalanish qulay bo‘ladi.
3. Madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar
Tungi festivallar, konsertlar, teatr namoyishlari va sport tadbirlari aholi va turistlarni jalb qilish uchun asosiy omillar bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, xalqaro yulduzlar ishtirokidagi tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
4. Tungi ko‘chalarni boshqarish
24/7 rejimida ishlaydigan hududlarni boshqarish uchun maxsus boshqaruv kompaniyalari jalb qilinadi. Ular xavfsizlikni ta’minlash, tadbirkorlar bilan ishlash va xizmatlar sifatini nazorat qilish kabi masalalar bilan shug‘ullanadi.
5. “Tungi shahar” raqamli platformasini ishga tushirish
“Tungi shahar” raqamli platformasi ishga tushiriladi. Ushbu platforma orqali 24 soat davomida ishlaydigan xizmatlar, madaniy tadbirlar, transport yo‘nalishlari va boshqa zarur ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi.
6. Huquqiy bazani takomillashtirish
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirishni tartibga soluvchi yangi qonun va normativ hujjatlar ishlab chiqish rejalashtirilgan. Masalan, tadbirkorlar uchun tungi ishlash rejimini mustaqil belgilash huquqi va alkogolli mahsulotlar savdosiga oid cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish masalalari ko‘tarilgan.
7. Tungi xizmat ko‘rsatuvchi bizneslarni qo‘llab-quvvatlash
Tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari, imtiyozli kreditlar va moliyaviy rag‘batlantirish choralari ko‘zda tutilgan. Tungi faoliyat uchun maxsus infratuzilma yaratish va ushbu loyihalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida sarmoya jalb qilish ham rejalashtirilgan.
8. Shahar infratuzilmasini yaxshilash
Yo‘llar, piyodalar yo‘laklari, yoritish tizimlari va xavfsizlik kameralarini modernizatsiya qilish ishlari olib boriladi. Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali xarajatlarni optimallashtirish ham asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
9. Yangi ish o‘rinlari yaratish
Tungi iqtisodiyotning rivoji orqali savdo, transport, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar sohalarda minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Yoshlar uchun qo‘shimcha ish joylari tashkil qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
10. Tungi iqtisodiyot uchun xavfsizlikni ta’minlash
Maxsus patrul xizmatlari va “Tungi xavfsizlik” dasturlarini joriy etish orqali jamoat xavfsizligi kafolatlanadi. Videokuzatuv tizimlarini kengaytirish va favqulodda vaziyatlarga tezkor javob berish tizimini joriy etish ham rejalashtirilgan.
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirishda O‘zbekiston qanday muammolarga duch kelishi mumkin?
Transport tizimida yetishmovchilik
Ayni paytda O‘zbekistonda kechasi jamoat transporti tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Shahar aholisi va turistlar kechki paytlarda asosan xususiy taksi xizmatlariga murojaat qilishga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa transport harajatlarini oshiradi va ko‘plab odamlar uchun qulay bo‘lmagan sharoitlarni yaratadi. Jamoat transportining tunu kun ishlashi nafaqat odamlar uchun qulaylik, balki tungi iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil sifatida qaraladi. Chunki kechasi ishlaydigan transport xizmatlarining yo‘qligi restoranlar, madaniy tadbirlar va boshqa tungi xizmat ko‘rsatish joylariga mijozlar oqimini cheklab qo‘yadi.
Mehnat qonunchiligi bilan bog‘liq muammolar
Mehnat qonunchiligiga ko‘ra, tunu kun ishlovchi xodimlarga o‘rtacha ish haqidan kamida bir yarim baravar ko‘proq to‘lash talab etiladi. Bu esa tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yukni oshiradi va kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun qiyinchilik tug‘diradi. Tadbirkorlar odatda ushbu xarajatlarni qoplashda qiynaladi va bu holat tungi iqtisodiy faollikni kengaytirishni sekinlashtiradi. Ushbu masalani hal qilish uchun mehnat qonunchiligiga ayrim o‘zgartirishlar kiritish, jumladan, tungi faoliyat uchun soliq yengilliklari yoki subsidiyalarni joriy etish taklif qilinmoqda.
Tashqi reklama bilan bog‘liq qiyinchiliklar
Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun tashqi reklama, ayniqsa, yoritilgan reklama ekranlari va mediamazmun muhim ahamiyatga ega. Biroq O‘zbekistonda elektr energiyasi narxining yuqoriligi, ayniqsa tashqi reklama ekranlari uchun uch baravar koeffitsiyentda hisoblanishi, tadbirkorlar uchun katta xarajatlar olib kelmoqda. Bu nafaqat reklama xarajatlarini oshiradi, balki kichik va o‘rta tadbirkorlar uchun qiyinchiliklar tug‘diradi. Tashqi reklama orqali mijozlarni jalb qilish imkoniyati cheklanadi va tungi iqtisodiyotning rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi.
Alkogolli ichimliklar savdosiga oid cheklovlar
Tungi iqtisodiyotning ajralmas qismi bo‘lgan restoran va ko‘ngilochar joylarda alkogolli ichimliklar savdosi bo‘yicha mahalliy hokimiyatlar tomonidan turli cheklovlar joriy etilmoqda. Bu cheklovlar ba’zan kechasi faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari daromadlarining pasayishiga olib keladi. Chunki turistlar va mahalliy aholi uchun ko‘ngilochar joylar jozibadorligini yo‘qotadi. Ushbu masalani hal qilish uchun alkogolli ichimliklar savdosi bo‘yicha vaqt cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni tungi iqtisodiy faoliyat talablariga moslashtirish muhimdir.
Xorijiy tajriba
Konsepsiyani ishlab chiqishda tungi iqtisodiyot muvaffaqiyatli rivojlangan mamlakatlar tajribalari o‘rganildi, deb xabar beradi Strategik islohotlar agentligi. Quyida xorijiy tajribadan ba’zi asosiy misollar keltiramiz.
London — Buyuk Britaniyaning poytaxti London o‘zining tungi hayoti bilan mashhur. Shaharda maxsus “Night Czar” (tungi faoliyat koordinatori) lavozimi tashkil etilgan bo‘lib, bu shahar ma’muriyati, biznes vakillari va madaniy tashkilotlar o‘rtasida muvofiqlikni ta’minlaydi. Londonning tungi iqtisodiyoti yiliga taxminan 26 milliard funt sterling daromad keltiradi va yuz minglab ish o‘rinlarini ta’minlaydi. Tungi transport tizimi kengaytirilgan bo‘lib, metro va avtobus xizmatlari kechasi ham faoliyat ko‘rsatadi, bu esa aholiga xavfsiz va qulay transport imkoniyatlarini yaratadi.
Nyu York — Nyu-Yorkni “Hech qachon uxlamaydigan shahar” deb atashadi. Shahardagi ko‘plab restoranlar, do‘konlar va madaniy muassasalar 24/7 rejimida ishlaydi. Bu shahar faqat mahalliy aholi uchun emas, balki turistlar uchun ham doimiy faoliyatda bo‘lgan madaniy va tijorat markazi hisoblanadi. Shaharda tungi tadbirlarni muvofiqlashtirish uchun maxsus tashkilotlar faoliyat yuritadi, bu esa shahar infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlarni rag‘batlantirish imkonini beradi.
Berlin — Germaniyaning poytaxti Berlin o‘zining tungi klublari va madaniy tadbirlari bilan tanilgan. Shaharda tungi iqtisodiyotning rivojlanishiga katta e’tibor qaratilgan. Berlin ma’muriyati jamoat transporti xizmatlarini kechasi ham uzluksiz ishlashini ta’minlagan. Bu nafaqat aholi uchun qulaylik yaratadi, balki shahar iqtisodiyotiga katta daromad keltiradi. Shahar hukumati tungi faoliyat bilan bog‘liq bizneslarni qo‘llab-quvvatlash uchun soliq imtiyozlari va moliyaviy yordam dasturlarini taqdim etadi.
Tokio — Yaponiyaning Tokio shahri ham tungi iqtisodiyoti bilan mashhur. Shaharda kechasi ishlaydigan gastronomik hududlar, tungi bozorlari va savdo markazlari keng tarqalgan. Tokio hukumati tungi transport tizimini kuchaytirib, kechasi ishlaydigan maxsus poyezd va avtobus yo‘nalishlarini joriy qilgan. Bundan tashqari, shaharda zamonaviy yoritish tizimlari o‘rnatilgan, bu esa turistlar va mahalliy aholi uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratadi.
Seul — Janubiy Koreyaning Seul shahri tungi hayotning zamonaviy shakli bilan ajralib turadi. Shaharda tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilgan. Restoranlar, klublar va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi joylarning 24/7 faoliyati keng ommalashgan. Bundan tashqari, Seulda tungi yoritish tizimlari, piyodalar uchun xavfsiz hududlar va madaniy tadbirlar uchun qulay infratuzilma yaratilgan.
Avvalroq, Strategik islohotlar agentligi O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edik. Tashabbusda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish faqatgina gastronomik ko‘chalar bilan cheklanib qolmaslik zarurligi ta’kidlangan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!