Iqtisod, Jamiyat

Toshkent-Andijon pulli yo‘li bo‘yicha tender boshlandi

Toshkent-Andijon pulli yo‘li bo‘yicha tender boshlandi

Transport vazirligi Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish uchun tender e’lon qildi. Loyihaning birinchi bosqichiga Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni yo‘nalishi bo‘yicha 171 km uzunlikdagi yo‘lni loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, ekspluatatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish kiradi.

Birinchi bosqich

Ma’lum bo‘lishicha, Birinchi bosqichga Toshkent-Angren-Qamchiq dovoni yo‘nalishi bo‘yicha 171 km uzunlikdagi yo‘lni loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, ekspluatatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish kiradi. Vazirlar Mahkamasi loyihaning konsepsiyasini 21-yanvar kuni ma’qulladi. Ushbu tender Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi ishtirokida tashkil etilmoqda. Xususiy sherikni tanlash bo‘yicha bosh maslahatchi Jahon banki ko‘magida jalb qilingan “PWC”, Britaniyaning “Arup and Partners” va “CMS Cameron” konsorsiumi hisoblanadi.

Tanlov haqida

Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda kompaniyalarga dastlabki malaka so‘rovini topshirish taklif etiladi, shundan so‘ng undan o‘tgan nomzodlar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Tender g‘olibi bilan uzoq muddatli davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanadi. Unda ishtirok etishga yo‘l qurilishida ish tajribasiga ega bo‘lgan barcha manfaatdor shaxslar taklif etiladi.

Prezident qarori

Ma’lumot uchun, aslida 2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak bo‘lgan. O‘shanda loyiha qiymati $2,5 mlrd.ga baholangan. Uning natijasida Andijondan Toshkentga borish vaqti 5 soatdan 3 soatga qisqarishi mumkinligi aytilgan. Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Toshkent-Andijon yo‘lini 2026-yilda boshlash nazarda tutilgan.

Toshkent-Samarqand pulli yo‘li

O‘zbekistonda yuqoridagi loyiha yagona hisoblanmaydi. 2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning “Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş” kompaniyasi jalb qilinadi. Yil oxirida loyiha Avstriyaning “ILF Consulting Engineers Austria GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan. Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrd.ni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Qurilish jarayoni 2024-yilning dekabridan boshlanishi kerak edi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi. Yuqoridagi kabi Prezidentning 2024-yilning avgust oyidagi qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishi ham 2024-yilda boshlash belgilangan.