Jahon

AQSH Davlat departamenti xorijiy davlatlarga ko‘rsatiladigan yordamni to‘xtatish haqida qaror chiqardi

AQSH Davlat departamenti xorijiy davlatlarga ko‘rsatiladigan yordamni to‘xtatish haqida qaror chiqardi

«AQSH Davlat kotibi Marko Rubio boshqa davlatlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘plab dasturlarni 90 kunga to‘xtatishni buyurdi. Bu ko‘rsatma Donald Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng darhol imzolagan farmonga muvofiq qabul qilindi», deya xabar qiladi Reuters.

Politico nashriga ko‘ra, bu qaror Ukraina, Iordaniya va Tayvanga beriladigan harbiy yordamga ta’sir qilishi mumkin. Biroq, farmonda Isroil va Misrga harbiy moliyalashtirishni davom ettirish uchun istisnolar qilingan, boshqa mamlakatlar esa tilga olinmagan.

Qo‘shma Shtatlar Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimi Reuters nashriga anonim tarzda bergan ma’lumotga ko‘ra, Ukrainadagi loyihalar uchun mas’ul bo‘lgan amaldorlar ishni to‘xtatishlari kerakligi aytilgan. «Muzlatilgan loyihalar orasida maktablarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘liqni saqlash xizmatlari, jumladan, onalarga shoshilinch yordam ko‘rsatish va bolalarni emlash dasturlari bor», — dedi xodim.

Tramp tashqi yordam samaradorligi va uning AQSH tashqi siyosatiga mosligini qayta ko‘rib chiqish uchun 90 kunlik tanaffus qilishga qaror qilgan.

Amerika yordamining to‘xtatilishining aniq ko‘lami hozircha noma’lum, biroq USAID xodimlari Reuters bilan suhbatda bu qarorni «halokatli» deb baholashgan.