2024-yil noyabr oyida sobiq deputat Qobil Do‘sov maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosarini haqorat qilganligi uchun sud tomonidan 1 yil ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan edi.
Sud hukmiga muvofiq, Do‘sov ozodlikni cheklash shartlari, jumladan internetdan foydalanishga qo‘yilgan taqiqlar bilan tanishtirilgan va bu qoidalarga rioya qilish majburiyati yuklatilgan.
Oliy sud Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Yashnobod tumani IIO FMB taqdimnoma kiritgan. Qayd etilishicha, Qobil Do‘sov ozodlikni cheklash shartlariga rioya etmagan, internetdan foydalanish bo‘yicha taqiqlarni buzgan va probatsiya bo‘limi tomonidan beriladigan talablarni inkor qilgan.
Xususan, u “Kobul Dusov/RASMIY KANAL” nomli Telegram-kanali orqali turli materiallarni joylashtirishda davom etgan.
2025-yil 11-yanvar kuni Yashnobod tumani probatsiya bo‘limi tomonidan Do‘sovga intizomiy ogohlantirish berildi. Biroq, unga qaratilgan ogohlantiruvga qaramay, mahkum internetdan faol foydalanishda davom etgani 24-yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan aniqlandi.
Sud tomonidan taqdimnoma muhokama qilingan va ish hujjatlari o‘rganilgandan so‘ng, Jinoyat kodeksining 48-1-moddasi 6-qismiga asosan Do‘sovning qolgan 11 oy 2 kunlik ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirildi. Jazo manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Jinoyat kodeksining 48-1-moddasida ozodlikni cheklash jazosini buzgan shaxslarga nisbatan choralar ko‘rilishi qonun bilan aniq belgilangan. Sud qaroriga ko‘ra, Do‘sovning qonun buzilishlari va qoidalarga rioya qilmasligi jazo kuchaytirilishiga asos bo‘lgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!