Unvon mamlakatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylashda hissa qoʻshgan fuqarolarga beriladi.
Senatning uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Sohada bevosita va bilvosita faoliyat olib borayotganlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning mehnatlarini munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvonini taʼsis etish nazarda tutilmoqda, deyiladi xabarda.
Mazkur faxriy unvon mamlakatda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, bioxilmaxillikni saqlash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan fuqarolarga beriladi.
Shuningdek, ushbu unvon bilan ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus koʻrsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlar va soha vakillari, ekofaollar ham taqdirlanadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!