Jahon

AQSH hukumati noqonuniy migrantlarni har kuni chiqarib yuborish rejasini eʼlon qildi

AQSH hukumati noqonuniy migrantlarni har kuni chiqarib yuborish rejasini eʼlon qildi

Tramp maʼmuriyati noqonuniy migrantlarni har kuni harbiy samolyotlarda mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalashtirmoqda, dedi AQSH chegara xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Tomas Homan. Bu «Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng yirik deportatsiya operatsiyasi» bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, AQSH hukumati tarixda birinchi marta migrantlarni uylariga qaytarish uchun harbiy samolyotlardan foydalandi va endi bu har kuni sodir bo‘ladi. 23-yanvar kuni AQSH harbiylari Gvatemalaga ikkita alohida reysda 150 nafardan ortiq migrantni yetkazgan edi. Biroq, Homan bunday parvozlar juda katta rejaning faqat bir qismi ekanini aytdi.

Yangi maʼmuriyat rahbarligida AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) agentlari mamlakatdagi 11 milliondan ortiq noqonuniy migrantlarning istalganini hibsga olishi mumkin, dedi Homan. Shu bilan birga, u noqonuniy migrantlar uchun muqobil yechim taklif qildi: ular o‘zi «ketishi kerak».

Avvalroq NBC News telekanali Pentagonning ikki rasmiysiga tayanib, 24-yanvar kuni Amerika harbiy samolyotlari Gvatemalaga ikki marta uchgani, har bir samolyotda 80 nafarga yaqin migrant borligi haqida xabar bergan edi.