Foydalanishga topshirish ishlari olib borilishi munosabati bilan 27-yanvardan 5-fevralgacha jismoniy shaxslar, yo‘lovchi transport vositalari va avtobuslarning cheklangan miqdori o‘tkaziladi.
Qozog‘iston Davlat daromadlari qo‘mitasining tushuntirishicha, O‘zbekiston tomoni modernizatsiya bo‘yicha qurilish ishlarini yakunlash uchun tez orada «G‘isht-Ko‘prik» nazorat-o‘tkazish punktini (Qozog‘iston tomonidagi «Jibek yo‘li» punkti) vaqtincha yopib qo‘yadi. Shu bois davlatlar jismoniy shaxslarning piyoda o‘tishi, yengil avtomobillar va avtobuslar o‘tishi uchun «Qoplonbek» (Qozog‘iston tomonidan) va «Navoiy» (O‘zbekiston tomonidan) nazorat-o‘tkazish punktlarini ochishga kelishib oldi.
«Qozog‘iston va O‘zbekiston tomonlari bir vaqtning o‘zida «Qoplonbek» va «Navoiy» nazorat-o‘tkazish punktlarida modernizatsiya va texnik qayta jihozlash ishlarini amalga oshirdi va bugun ushbu o‘tkazish punktlarining texnik ochilishi bo‘lib o‘tdi. Foydalanishga topshirish ishlari olib borilishi munosabati bilan 27 yanvardan 5 fevralgacha jismoniy shaxslar, yo‘lovchi transport vositalari va avtobuslarning cheklangan miqdori o‘tkaziladi. 5 fevraldan nazorat-o‘tkazish punkti to‘liq quvvatda ishlaydi», deyiladi Davlat daromadlari qo‘mitasi xabarida.
Keyinchalik, tomonlar kelishuviga erishgandan so‘ng, ikkinchi bosqichda ushbu nazorat-o‘tkazish punktlarida yuk avtotransport vositalarining o‘tishi ko‘zda tutiladi.
Qo‘mita qo‘shimcha qilganidek, «Qoplonbek» nazorat-o‘tkazish punkti jismoniy shaxslarning o‘tkazish qobiliyatini kuniga 20 mingtaga, transport vositalariniki esa 800 tagacha oshirishi kutilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!