Statistika agentligi 2024-yilda Oʻzbekistonda yetishtirilgan goʻsht miqdori va hududlar kesimidagi taqsimoti qanday boʻlganini maʼlum qildi.
2,9 tonna go‘sht
Agentlikka koʻra, yurtimizda jami 2,9 million tonna goʻsht (tirik vaznda) yetishtirildi. Ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 3,9 foizga oshgan. Unga ko‘ra, 2023-yilda respublikamizda 2,8 million tonna go‘sht (tirik vaznda) yetishtirilgan. Ajablanarlisi, go‘sht yetishtirish hajmi o‘tgan yili ham 2022-yil bilan solishtirilganda 3,9 foizga oshgan.
Yetakchi viloyat – Qashqadaryo
Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlar kesimida 2024-yil ham Qashqadaryo viloyati goʻsht yetishtirish boʻyicha yetakchilikni qoʻlga kiritdi. Viloyatda 345,9 ming tonna goʻsht yetishtirilgan boʻlib, bu umumiy hajmning eng katta qismini tashkil etgan. Ikkinchi oʻrinda Samarqand viloyati 326,9 ming tonna goʻsht hosili bilan, uchinchi oʻrinda esa Buxoro viloyati 312,7 ming tonna goʻsht hajmi bilan qayd etildi.
Eng kam go‘shtni qaysi viloyat yetishtirgan?
Toshkent viloyati ham yuqori koʻrsatkichlarga erishgan boʻlib, viloyatda 312,3 ming tonna goʻsht yetishtirilgan. Shuningdek, Jizzax viloyati 246,8 ming tonna, Surxondaryo viloyati esa 220 ming tonna goʻsht yetishtirgan holda katta hissa qoʻshgan.
Respublika boʻyicha eng kam goʻsht yetishtirilgan hududlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi (129,8 ming tonna) va Sirdaryo viloyati (80,4 ming tonna) boʻldi. Bu koʻrsatkichlar hududlarning qishloq xoʻjaligi salohiyati va yer-iqlim sharoitlari bilan bogʻliqdir.
Qolgan viloyatlar ulushi:
— Andijon viloyati – 202,2 ming tonna;
— Navoiy viloyati – 196,6 ming tonna;
— Farg‘ona viloyati – 195 ming tonna;
— Xorazm viloyati – 191,5 ming tonna;
— Namangan viloyati – 182,4 ming tonna.
Ushbu raqamlar Oʻzbekistonda goʻsht ishlab chiqarishning oʻsish surʼatlarini va qishloq xoʻjaligidagi samaradorlikni aks ettiradi. Bu esa, aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yoʻlidagi muhim qadamlardan biridir.
Go‘sht narxi qanday?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kunlik e’lon qilinadigan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda bozorlarda mol go‘shtining narxi kilogramiga minimum 60 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shtining narxi esa 65 ming so‘mdan 70 ming so‘mgachani tashkil qilmoqda.
Shuningdek, Markaziy bank dekabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi oid so‘rovnoma natijalarini e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashganlarning katta qismi go‘sht va sut hamda benzin va yoqilg‘i narxi yuqori darajada o‘sganini ta’kidlagan.
Joriy yilda 3,2 million tonna go‘sht yetishtiriladi
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 21-yanvar kuni parrandachilikni rivojlantirish va yaylovlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unga ko‘ra, 2025-yilda chorvachilikda 1 ming 350 ta loyihani ishga tushirib, 3 million 200 ming tonna go‘sht yetishtirish, 13 million tonnadan ziyod sut olib, uning 30 foizini sanoat usulida qayta ishlash hisob-kitob qilingan. Bundan tashqari, parrandachilik sohasida 1 million tonna parranda go‘shti, 10 milliard 500 million dona tuxum yetishtirish mo‘ljallangan.
Go‘sht bilan bog‘liq muammo
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonlik bloger tomonidan poytaxtimizdagi “Chorsu” dehqon bozorida sifatsiz jigar go‘shti sotilayotgani aytilgan videolavha e’lon qilindi.
Bunga Toshkent shahar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi oziq-ovqat xavfsizligi va tashqi ishlar bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Otaboyev javob qildi.
Unga ko‘ra, bir kunda “Chorsu” dehqon bozoriga 18-20 tonna mol, 12-13 tonna mayda shoxli mol va 5-6 tonna parranda go‘shti kirib keladi. Barcha kirib kelayotgan go‘sht mahsulotlari poytaxtimiz va viloyatlardagi qushxonalardan birlamchi veterinariya hujjatlari bilan keltiriladi. Bundan tashqari, bozordagi veterinariya-sanitariya ekspertizasida o‘ndan ortiq mutaxassis faoliyat olib boradi. Ular tomonidan bozorga kirib kelayotgan barcha go‘shtlar to‘liq nazoratdan o‘tkazilib, sotuv rastalariga chiqariladi.
“Qozog‘istonlik bloger tomonidan “Chorsu”da sotilayotgan jigar go‘shtining ichida exinokokk borligi aytilgan videolavhani men ham ko‘rdim. Bu yolg‘on ma’lumot. Chunki, exinokokk bor jigar go‘shti bozorgacha yetib kelmaydi. Shuningdek, qushxonalarda so‘yilgan har bir mol, qo‘ylar veterinariya shifokorlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, o‘sha yerning o‘zida utilizatsiya qilinadi, ya’ni zararsizlantiriladi.
Videoda ko‘rsatilgan jigardagi oq dog‘lar yog‘ to‘qimalardir. Ushbu jigar go‘shti qayta tekshiruvdan o‘tkazildi. Unda hech qanday exinokokk topilmadi”, – deya izohlargan u.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!