Qirg‘izistonda isrofgarchilikka qarshi kurashish maqsadida to‘y, dafn va boshqa oilaviy marosimlarni tartibga soluvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Taklif etilayotgan qoidalarga ko‘ra:
Dafn marosimlarida mayda chorva, ot yoki qoramol so‘yish taqiqlanadi.
Marhum dafn etilgandan uch kun o‘tib, faqat bir bosh ot yoki qoramol so‘yilishi mumkin.
7 kun, 40 kun va yillik maʼrakalar o‘tkazish taqiqlanadi.
To‘ylarga 250 nafardan ortiq mehmon chaqirish mumkin emas.
Kelin uzatish marosimiga 100 nafardan ortiq odam kelishi taqiqlanadi.
Agar to‘y va qiz uzatuvi birga o‘tkazilsa, mehmonlar soni 350 nafardan oshmasligi kerak.
To‘y korteji uchtadan ko‘p mashinadan iborat bo‘lmasligi lozim.
Ushbu cheklovlarga rioya qilmagan holda:
Tadbir egasiga 300 ming qirg‘iz so‘mi (≈44,5 mln so‘m),
Muassasa egasiga 200 ming qirg‘iz so‘mi (≈29,6 mln so‘m) miqdorida jarima solinishi mumkin.
Qonun tashabbuskori, deputat Zamirbek Mamasodiqovning taʼkidlashicha, qirg‘izistonliklar to‘y va boshqa marosimlarga ortiqcha mablag‘ sarflamoqda. Bu esa oilaviy byudjetga jiddiy zarar yetkazib, baʼzi oilalarni hatto kredit olishga majbur qilmoqda. Qarz sababli ko‘plab oilalarda muammolar va ajralishlar yuzaga kelmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2022-yilda to‘y va diniy marosimlarda isrofgarchilikning oldini olish bo‘yicha farmon imzolagan edi. 2024-yilda esa qabr toshlarini o‘rnatishga cheklovlar kiritilgan.
Qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasidan so‘ng parlamentga taqdim etilishi kutilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!