MXXning sobiq tergovchisi, lavozimida ishlagan paytida dahshatli qilmishlarni sodir etgani aytiladigan Nodir To‘raqulov 22-sonli koloniyadagi sexda ehtiyotsizlik ortidan 4 ta barmog‘idan ajralgan, deb yozadi huquq faoli Abdurahmon Tashanov.
«Qabulimga kelgan bir necha advokatlar sobiq MXXning o‘z vaqtida “Nodir xudo” laqabini olgan jallodi Nodir To‘raqulov 22-sonli koloniyadagi sexda ehtiyotsizlik ortidan 4 ta barmog‘idan ajragani haqida maʼlumot berishdi.
Muhtaram prezidentimizning shijoati tufayli javobgarlikka tortilgan bu kimsa haqida turli afsonalar yuradi. Ehtimol, uning qilmishlarining bir qismi qonun nazoratidan chetda qolgandir. Uning zulmini Yaratganga havola qilamiz» deb yozdi u Facebook‘dagi sahifasida.
Nodir To‘raqulov 2018-yilning boshlarida, prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida faollar bilan uchrashuv vaqtida MXXning viloyat boshqarmalaridagi xodimlarini keskin tanqid qilganidan keyin qamoqqa olingandi.
2018-yil oktyabrida Nodir To‘raqulov 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan va 81 mln so‘m miqdorida (9,7 ming dollardan ortiq) jarimaga tortilgan edi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!