Jahon

Federal sud AQSH hukumatining USAID’ga qarshi harakatini to‘xtatdi

Federal sud AQSH hukumatining USAID’ga qarshi harakatini to‘xtatdi

Amerika federal sudyasi Karl Nikols AQSH hukumatining AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) xodimlarining 2 ming 200 ga yaqinini ma’muriy ta’tilga chiqarish to‘g‘risidagi qarorini to‘xtatdi, deyiladi “The Washington Post” xabarida.

Nashrga ko‘ra, bunday qaror bir guruh xodimlar tomonidan sudga berilgan da’vodan so‘ng qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, taqiq 14 fevralgacha amal qiladi. Bundan tashqari, sudya Karl Nikols ishdan chetlatilgan 500 ga yaqin xodimni ishga qaytishini buyurgan.

“Nikols qisqa pauza hukumatga hech qanday zarar keltirmasligini ta’kidladi. Taxminlarga ko‘ra, bu vaqt davomida sudya ushbu masalani batafsil o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, deyiladi xabarda.

“Reuters”ning yozishicha, sudya Nikols kasaba uyushmalarining boshqa talablarini, jumladan, USAID binolariga kirishni ochish va agentlik grantlari va shartnomalari uchun mablag‘ni tiklashni istamaydi.

Tramp tomonidan Davlat kotibi etib tayinlangan Marko Rubioning aytishicha, yangi ma’muriyat agentlik faoliyatini yuqoridan pastgacha ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda. Uning fikricha, tashkilotning ayrim loyihalari AQSH manfaatlariga zarar keltirishi mumkin.