O‘zbekiston hukumati dastlab 2025-yildan boshlab Ai-80 benzinidan to‘liq voz kechishni rejalashtirgan edi. Biroq, so‘nggi qarorlarga ko‘ra, ushbu jarayon 2028-yilgacha kechiktirildi.
Bu kechikish Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan vaqt bilan bog‘liq. Modernizatsiya yakunlangach, zavod «Yevro-4» va undan yuqori standartdagi benzin ishlab chiqarishga o‘tadi.
Shuningdek, 2025–2027-yillar davomida «Yevro-4» standartidan past bo‘lgan yoqilg‘ining importini bosqichma-bosqich cheklash va mamlakatdagi korxonalarni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Ai-80 benzini ko‘plab mamlakatlarda taqiqlangan bo‘lib, hatto neft mahsulotlarini to‘liq import qiladigan Qirg‘iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste’moldan chiqarilgan. Hozirda ushbu yonilg‘i faqat O‘zbekiston va Afg‘onistonda ishlatilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Ai-80 benzini tarkibidagi zararli moddalar aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va atrof-muhitni ifloslantiradi. Shu sababli, undan voz kechish ekologik muammolarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!