Jahon

AQSH ning migratsiya siyosati o‘zbeklar uchun manfaatlimi?

AQSH ning migratsiya siyosati o‘zbeklar uchun manfaatlimi?

Minglab insonlar Amerika orzusi bilan yashaydi. Yana qanchasi jiddiy xavf-xatarga qaramay, katta mablag‘ evaziga Meksika orqali AQShga o‘tishga urinishadi va buning uddasidan chiqqanlar haqida ham ko‘p eshitamiz.

Bunday yo‘l qiyinchilik va tavakkallar bilan bog‘liq bo‘lib, oqibatda odam savdosi, firibgarlik va huquqiy muammolar yuzaga qalqib chiqadi. Bundan ko‘plab o‘zbekistonliklar ham jabr ko‘rgan.

Markaziy Osiyo mintaqaviy tahdidlarni o‘rganish markazi eksperti, immigratsiya huquqi bo‘yicha mutaxassis Alisher Sodiqovning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma shtatlar prezidenti Donald Trampning migratsiya siyosati endi o‘zbeklar uchun manfaatli bo‘lishi mumkin.

“AQShga noqonuniy yo‘l bilan borish uchun O‘zbekiston fuqarolari Meksika chegarasini kesib o‘tish sxemasidan foydalangan. Ulardan 30 ming dollardan 50 ming dollargacha mablag‘ talab etilgan. Arzonroq variant faqat chegaragacha yetkazib qo‘yishni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, qimmatroq xizmatlar migrantlar uchun maxsus avtomobil tayyorlash, chegaradan yashirin o‘tish va AQSh tarafiga o‘tgach, advokat yordamini o‘z ichiga olgan”, deydi ekspert A. Sodiqov.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, migratsiya siyosatining keskinlashuvi bu xavfli yo‘lni deyarli to‘xtatadi. Bu O‘zbekiston fuqarolari uchun ham ijobiy bo‘ladi.

Uning aytishicha:

– fuqarolar firibgarlik yoki odam savdosi qurboni bo‘lishdan saqlanadi;

– noqonuniy yo‘lga sarflanadigan 30-50 ming AQSh dollari, qonuniy taʼlim, biznes yoki boshqa istiqbolli loyihalarga yo‘naltirilishi mumkin;

– rasmiy migratsiya yo‘llari rivojlanadi. Xorijiy davlatlarga qonuniy, xavfsiz va kafolatlangan yo‘llar orqali borish imkoniyatlari kengayadi.