Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabiʼa O‘zbekistonga keldi. Ikki kun davom etadigan rasmiy tashrifdan ko‘zlangan maqsad Rahmon mehmonlariga, jumladan o‘zbek umrachilariga eng yuqori darajada xizmat ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash va mavjud tizimni takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdir.
Taʼkidlash joiz, mustahkam tarixiy, madaniy va diniy rishtalarga asoslangan O‘zbekiston – Saudiya aloqalarining yuqori darajasi ikki davlat yetakchilari rahbarligida olib borilayotgan o‘zaro do‘stona va faol saʼy-harakatlar, intilishlar samarasidir.
Maʼlumki, hamyurtlarimiz Makka al-Mukarrama va Madinai Munavvaraga kelayotgan ziyoratchilarning salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bois vazirning tashrifi mobaynida Umrada xizmat taqdim etadigan shirkatlar faoliyatini yaxshilash, ibodatni uzluksiz va xotirjam ado etishni kafolatlash maqsadida ishni O‘zbekiston hukumati mutasaddilari bilan birgalikda tashkil etish bilan bog‘liq holatlar kelishiladi. Shuningdek muzokaralarda saudiyalik avia kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, tashuvchilarning mahalliy bozordagi ishtirokini kengaytirish orqali umrachilarning Podshohlikka borishini yengillashtirish mavzulari ham ko‘tariladi.
Saudiya Haj va Umra vazirligi o‘z faoliyatini respublikamizdagi vakolatli tomonlar bilan muvofiqlashtirgan holda amalga oshiradi. Tegishli shirkatlar mehmonlar uchun munosib yashash joyi, transport vositalarini hozirlash bo‘yicha vazifasini samarali ado etishi nazorat qilib boriladi.
Podshohlik texnologiya taraqqiyoti doirasida raqamlashtirish tizimiga tayangan qator tashabbuslarni ilgari surgan. Masalan, “Nusuk” elektron platformasi umrachilarimiz muammoga duch kelmasligini taʼminlashga hissa qo‘shadi. Mazkur tizim safarni oldindan oson tashkil qilish imkonini beradi. Bu jarayon viza olishdan boshlanib, transport va yashash joyiga buyurtma berish, hatto manosiklarni ado etish vaqtini belgilashgacha qamrab oladi. Shu tariqa ibodatni to‘liq va yengil ado etish kafolatlanadi.
“Haramayn” tez yurar poyezdida Makka al-Mukarrama va Madinai Munavvara orasidagi masofa tez va xavfsiz bosib o‘tiladi. Shu tariqa tegishli Umra talablarini ado etish, Payg‘ambarimiz masjidlarini ziyorat qilish mumkin.
Butun dunyo bo‘ylab Haj va Umraga talab oshib borayotgani uchun Ikki muqaddas masjid hududini kengaytirishga qaratilgan ulkan loyihalar amalga oshirildi. Tavof va saʼy qilinadigan manzillar yaxshilandi. Infratizim, shuningdek kasalxona, salomatlik markazi kabi yordamchi xizmat ko‘rsatadigan majmualar faoliyati takomillashtirildi. Bularning bari o‘zbek Hojilari va umrachilari ham ibodatni qiyinchiliksiz, namunaviy shart-sharoitda ado etishiga yo‘l ochib berdi.
“2030 yilga nigoh” strategiyasida Ikki muqaddas masjidda yaratilgan qulay shart-sharoitni yana-da yaxshilash zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, ekologiyani asraydigan suv taʼminoti, tiklanadigan energiya tizimi, sunʼiy idrok texnologiyasi asosida ziyoratchilarning ulkan guruhlari to‘planishini boshqarish, ko‘rsatmalarni qator tillar, jumladan o‘zbek tilida ham yetkazish tizimi ishga tushirildi.
Saudiya Haj va Umra xizmati tizimini takomillashtirishda davom etadi. Xususan, O‘zbekiston bilan birga zikr etilgan saʼy-harakatlar ko‘lamini bundan keyin ham kengaytirib boraveradi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!