Iqtisod

“Trest-12”ning davlat ulushi 111 mlrd so‘mga sotildi

“Trest-12”ning davlat ulushi 111 mlrd so‘mga sotildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Trest-12” qurilish kompaniyasidagi davlat ulushi sotilganini ma‘lum qildi.

Davlat aksiyalari paketi (51,12%) 2021-yil sentabr oyida sotuvga qo‘yilgan, biroq xususiylashtirish jarayoni 3,5 yildan keyingina amalga oshgan.

Deloitte xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi bo‘ldi.

Davaktiv agentligi ma‘lumotlariga ko‘ra, to‘rtta kompaniya sotib olishga qiziqish bildirgan, ulardan uchtasi keyingi bosqichga o‘tgan. Faqat ikkita kompaniya o‘z vaqtida majburiy takliflarni taqdim etdi.

111 mlrd so‘m taklif qilgan Delta Global Dynamics savdo g‘olibi deb topildi.

“Xaridorning taklifi maslahatchi tomonidan hisoblangan indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismida joylashgan va korxonaning baholangan qiymatiga mos keladi”, — deyiladi xabarda.

Xaridor ikki yil davomida mavjud ish o‘rinlarini saqlab qolish, amaldagi ish haqi fondini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik majburiyatini oldi.

Bitim Xususiylashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan ma‘qullandi.

Ma‘lumot uchun; “Trest-12” 1979-yili tashkil etilgan O‘zbekistondagi eng mashhur qurilish kompaniyalaridan biridir. Kompaniya o‘nlab diqqatga sazovor obyektlar, jumladan, jamoat binolari (Vazirlar Mahkamasi va vazirliklar binolari, Milliy kutubxona, Minor masjidi va boshqalar), sanoat obyektlari (jumladan, GM Powertrain zavodi), Hyatt Regency mehmonxona majmuasi, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti va boshqa ko‘plab binolar qurilishini amalga oshirgan.

Eslatma; mazkur kompaniyani sotib olgan Doniyor Komilov O‘zbekistonning sobiq tashqi ishlar vaziri, amalda Prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili bo‘lib faoliyat yuritayotgan Abdulaziz Komilovni o‘g‘lidir.