Jamiyat, Siyosat

Senatorlar diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini maʼqulladi

Senatorlar diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini maʼqulladi

Oliy Majlis yuqori palatasi “fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati” konsepsiyasini bir ovozdan maʼqulladi. Hujjat prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.

20-fevral kuni Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Senatorlar bir ovozdan ushbu qonunni maʼqulladi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu hujjat bilan belgilanayotgan asosiy vazifalarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish maqsadida parlament komissiyasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Maʼlumot uchun, joriy yil 31-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ishlab chiqilgan “Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” birinchi o‘qishda konseptual jihatdan maʼqullanib, 9-fevralga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.

Konsepsiya loyihasi bo‘yicha muhokamalarda aholidan 400 tadan ortiq izohlar, taklif va tavsiyalar kelib tushgan, ularning 200 dan ortig‘i ijobiy ekani aytilgan.

11-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida mazkur qonun loyihasi hamda Konsepsiya loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilingan.

Hujjat endilikda prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.