Kecha AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Surinam o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulo‘g‘bek Lapasov va Surinamning BMTdagi doimiy vakili Sunil Algram Sitaldin imzolagan.
Uchrashuv davomida tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.
– Bugun Surinamlik hamkasbim Sunil Sitaldin bilan O‘zbekiston va Surinam o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunikeni imzoladik, – deb yozdi Ulo‘g‘bek Lapasov o‘zining “X” sahifasida. – Biz ikki tomonlama munosabatlarimizni, shu jumladan, BMT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldik.
Shu tariqa, Lotin Amerikasi mintaqasidagi ushbu mamlakat O‘zbekiston bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan 158-davlatga aylandi.
Surinam haqida ma’lumot
Surinam Respublikasi Janubiy Amerikadagi eng kichik davlatlardan biri bo‘lib, uning maydoni 163 820 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Mamlakat aholisi 600 ming nafardan ortiq bo‘lib, ular orasida hindlar, afrikaliklar, yevropaliklar va boshqa millat vakillari bor.
Surinam poytaxti Paramaribo shahri bo‘lib, mamlakat shimolda Atlantika okeani, sharqda Fransiya Gvianasi, g‘arbda Gayana va janubda Braziliya bilan chegaradosh.
Surinamda taxminan 14 ta mahalliy til mavjud bo‘lib, golland tili rasmiy maqomga ega.
Mamlakat iqtisodiyoti asosan tabiiy resurslar, xususan, oltin, alyuminiy, neft va ko‘mirga asoslangan. Qishloq xo‘jaligida esa shakarqamish va kakao yetishtirish muhim o‘rin tutadi.
Surinam BMT, Karib havzasi hamjamiyati (CARICOM), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) va Amerika Davlatlari Tashkiloti (OAS) a’zosi hisoblanadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!