Jahon

Putin Trampning mudofaa budjetlarini qisqartirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

Putin Trampning mudofaa budjetlarini qisqartirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya, AQSh va Xitoyda mudofaa xarajatlarini ikki baravar kamaytirish taklifini qo‘llab-quvvatladi va o‘z mamlakatining harbiy budjetini qisqartirishga tayyorligini bildirdi.

«Biz Qo‘shma Shtatlar bilan kelishuvga erishishimiz mumkin, biz buni istisno etmaymiz. Menimcha, bu yaxshi g‘oya: Qo‘shma Shtatlar 50 foizga, biz esa 50 foizga qisqartiramiz. Agar xohlasa, Xitoy ham qo‘shilishi mumkin. Biz bu masalada muzokaralar o‘tkazishga tayyormiz», — dedi Putin VGTKR telekanaliga bergan intervyusida.

Fevral oyi o‘rtalarida Donald Tramp Rossiya va Xitoy bilan yadro qurollari va harbiy budjetlarni qisqartirish bo‘yicha muzokaralar olib borish niyatida ekanini bildirgan edi.

«Men o‘tkazmoqchi bo‘lgan ilk uchrashuvlardan biri Xitoy raisi Si Tszinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘ladi. Men ularga: ‘Harbiy budjetimizni 50 foizga kamaytiramiz’, — deb aytmoqchiman», — degan edi Tramp.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar «yangi yadro qurollari yaratishlari shart emas», chunki «bizda yetarli darajada bor». U mablag‘larni boshqa, samaraliroq maqsadlarga yo‘naltirish mumkinligini ta’kidlagan.