Jahon

Jahon qarz miqdori rekord darajaga yetdi

Jahon qarz miqdori rekord darajaga yetdi

Xalqaro moliya instituti (IIF) Global qarz monitoringi bo‘yicha hisobotini e’lon qildi.

2024-yilda jahon bo‘ylab umumiy qarz miqdori 7 trillion dollarga oshib, rekord darajadagi 318 trillion dollarga yetdi. Biroq uning o‘sish sur’ati avvalgi yilga nisbatan pastroq bo‘ldi.

O‘tgan yili global qarz o‘sishining qariyb 65 foizi rivojlanayotgan bozorlarga to‘g‘ri kelgan. Shu tariqa, rivojlangan davlatlarning umumiy qarzi 214,3 trillion dollarni, rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzi esa 103,7 trillion dollarni tashkil etdi.

2024-yilda jahon qarzining yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbati ham 1,5 foiz punktga oshib, qariyb 328 foizga yetdi. Bu ko‘rsatkich pandemiya yili – 2020-yildan beri birinchi marta o‘sdi.

Shu bilan birga, Shvetsiya, Xitoy, Isroil va Saudiya Arabistonida qarz miqdorining tez o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa, Argentina, Turkiya, Niderlandiya va Gretsiyada aksincha, sezilarli pasayish qayd etildi.

O‘zbekistonning davlat qarzi oshmoqda

2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 37 milliard dollardan oshib, yil boshidan beri 2,1 milliard dollarga ko‘paydi. Bu mamlakat YaIMga nisbatan 33,2 foizni tashkil etdi.

O‘zbekistonning tashqi qarzining asosiy qismi Jahon banki (6,7 milliard dollar) va Osiyo taraqqiyot bankidan (6,5 milliard dollar) olingan. Mablag‘larning katta qismi davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash (13 milliard dollar) va energetika loyihalariga (5,7 milliard dollar) yo‘naltirilgan.