AQSH Qurolli kuchlari 2025-moliyaviy yili oxirigacha uzoq masofali gipertovushli qurollar bilan ta‘minlanadi, deya Pentagonning nomi oshkor etilmagan amaldoriga tayanib Amerikaning Defense News nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Vashington shtatidagi Lyuis-Makkord qo‘shma bazasiga joylashtirilgan 17-artilleriya brigadasi uchun yerustki gipertovushli raketalar nazarda tutilmoqda. Ta‘kidlanishicha, qurollar 2023-yil kuzigacha joylashtirilishi kerak edi, biroq sinovlar paytida aniqlangan muammolar tufayli bu amalga oshmagan.
2024-yil dekabr oyida Pentagon Florida shtatidagi Kanaveral burnidagi AQSH kosmik kuchlari bazasidan yadroviy bo‘lmagan gipertovushli raketaning sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganini ma‘lum qilgan edi.
AQSH Mudofaa vazirligi rasmiylari mamlakat gipertovushli qurollar ishlab chiqarishda Rossiya va Xitoydan ortda qolganini bir necha bor tan olgan. Joriy yilning 25-fevral kuni AQSH mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga nomzod Stiven Faynberg Qo‘shma Shtatlarning yadroviy qurollari eskirganini, Vashington uchun eng muhim vazifa ularni modernizatsiya qilish, shuningdek, gipertovushli tizimlarni ishlab chiqish ekanligini aytdi.
Faynbergning ta‘kidlashicha, Rossiya yangi zamonaviy qurollarni ishlab chiqqan, ular orasida u “Kinjal” gipertovushli aviatsiya raketa majmuasini sanab o‘tgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!