Migratsiya agentligi Rossiyada vaqtincha ishlash uchun ruxsatnoma (patent) olishga tayyorlovchi platformani ishga tushirdi, deb xabar bermoqda agentlik matbuot xizmati.
Ta‘kidlanishicha, mamlakatda patent olishning asosiy shartlaridan biri rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligiga oid testlardan muvaffaqiyatli o‘tish hisoblanadi. Platforma mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan fuqarolarga imtihonlarga tayyorlanish imkonini beradi.
Buning uchun namunaviy sinov testlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ular yordamida rus tili bo‘yicha bilimlarni baholash hamda imtihon savollari bilan tanishish mumkin. Xususan, platformada quyidagilar bo‘yicha test namunalari keltirilgan:
- eshitib tushunish;
- o‘qish va yozish;
- leksika va grammatika;
- Rossiya tarixi;
- Rossiya qonunchiligi asoslari.
Olti bosqichli testlardan o‘tgach, foydalanuvchilarga to‘g‘ri javoblar taqdim etiladi. Bundan tashqari, test natijalari asosida qayta tayyorgarlik ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Platformadan ushbu havola orqali bepul foydalanish mumkin.
Avvalroq agentlik direktori Behzod Musayev Rossiya Mehnat bandlik federal agentligi (Rostrud) rahbari Mixail Ivankov bilan uchrashuvda migrantlar uchun ruxsatnomalar olish tartibini O‘zbekiston hududiga o‘tkazish masalasini ishlab chiqishni tezlashtirishga kelishgandi. Shuningdek, patent uchun to‘lov ish beruvchi hisobidan qoplanishi rejalashtirilmoqda. Rus tilidan imtihonni ham Toshkentda topshirish mumkin bo‘ladi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!