Jamiyat

O‘zbekistonda Media va axborot savodxonligi bo’yicha seminar tashkil etildi

O‘zbekistonda Media va axborot savodxonligi bo’yicha seminar tashkil etildi

O‘zbekistonda Media va axborot savodxonligi bo’yicha seminar tashkil etildi

Toshkent shahrida “O‘zbekistonda media va axborot savodxonligi (MAS) strategiyasiga umumiy qarash sari” mavzusida ko‘p manfaatdor tomonlar ishtirokidagi seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda hukumat vakillari, davlat idoralari, universitetlar, media mutaxassislari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va akademik tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Ushbu seminar O‘zbekistonda media va axborot savodxonligini rivojlantirish, sohada mavjud muammolarni muhokama qilish va strategik yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi. Bugungi raqamli axborot makonida dezinformatsiya va soxta kontentning tarqalishi ortib borayotgani sababli fuqarolarning tanqidiy tafakkurini rivojlantirish va ishonchli manbalarni farqlash qobiliyatini oshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Seminar davomida MASning asosiy tushunchalari, tuzilmalari va maqsadlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar real hayotiy misollar asosida interaktiv mashg‘ulotlarda qatnashib, kichik guruhlarda muhokamalar olib bordilar. Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari MAS bilan bog‘liq imkoniyat va muammolarni aniqlash hamda tegishli davlat idoralari va YUNESKO bilan hamkorlikda O‘zbekiston uchun media va axborot savodxonligi strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha takliflarni ilgari surdilar.

Seminar YUNESKO tomonidan “Axborotdan foydalanish, institutsional javobgarlik va ommaviy axborot vositalari kompetensiyasini kuchaytirish orqali O‘zbekiston hukumati va fuqarolarining imkoniyatlarini kengaytirish” (AIM) dasturi doirasida tashkil etildi. Ushbu dastur O‘zbekistonda media savodxonligini rivojlantirish, hukumat shaffofligini oshirish va jamoatchilik xabardorligini kuchaytirishga qaratilgan bo‘lib, 2023-2026-yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) hamkorligida, Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) moliyaviy ko‘magi asosida amalga oshirilmoqda.

Seminar xalqaro ekspert, media va axborot savodxonligi siyosati va tadqiqotlari bo‘yicha mutaxassis, fan nomzodi, dotsent Maarit Jaakkola tomonidan olib borildi. Maarit Jaakkola Shvetsiyaning Gotenburg universiteti qoshidagi Nordicom – Shimoliy Yevropa media tadqiqotlari markazi hamraisi va Finlyandiyaning Tampere universiteti dotsenti hisoblanadi. Uning ta’kidlashicha, media savodxonligi global muammolardan biri bo‘lib, uni rivojlantirish fuqarolik jamiyatining barqarorligiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar media va axborot savodxonligini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga va mamlakatda MAS strategiyasini ishlab chiqishda faol ishtirok etishga kelishib olishdi.