Jamiyat

Bir qator korxonalar naqd puldan to‘liq elektron to‘lovga o‘tadilar

Bir qator korxonalar naqd puldan to‘liq elektron to‘lovga o‘tadilar

Vazirlar Mahkamasi 26-fevral kuni elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi xabar berdi.

Hujjat prezidentning o‘tgan yil 4-martdagi farmoni bilan tasdiqlangan 2024-yilda islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining 59-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Unda budjet tashkilotlari, gaz va neft mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar, shuningdek, mol-mulkni ijaraga beruvchi qurilish korxonalari tomonidan jismoniy shaxslarga sotiladigan ko‘chmas mulk uchun hisob-kitoblar elektron hisobvaraq-faktura asosida naqd pulsiz amalga oshirilishi nazarda tutilgan edi.

Yangi qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab aholiga xizmat ko‘rsatuvchi barcha budjet tashkilotlari, shuningdek, gaz va neft mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi hamda mol-mulkini ijaraga beruvchi yuridik shaxslar elektron to‘lov tizimlariga ulanishi shart.

Elektron to‘lovlarni qabul qilishni rad etish terminallar orqali to‘lovni rad etishga tenglashtiriladi va qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Strategik islohotlar agentligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025 — 2030-yillarda elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqadi. Onlayn to‘lovlar darajasini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgan, bu prezident tomonidan o‘tgan yilning 20-noyabrida Qonunchilik palatasi yig‘ilishida e’lon qilingan strategik vazifalarga mos keladi.

2024-yilning fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyevga naqd puldan foydalanishni qisqartirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazilgan edi. Aholiga xizmat ko‘rsatuvchi budjet tashkilotlari, uy-joylarni jismoniy shaxslarga sotishda quruvchilar uchun naqd pulsiz hisob-kitoblarni joriy etish va boshqalar shular jumlasidandir. Yog‘och, avtomobil shinalari va shakarning ulgurji savdosini naqd pulsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan edi.