Sport

Eldor Shomurodov muhim pallada jamoasining xaloskoriga aylandi

Eldor Shomurodov muhim pallada jamoasining xaloskoriga aylandi

Futbol bo‘yicha Yevropa ligasining 1/8 finali doirasidagi barcha uchrashuvlar kecha tunda yakunlandi. Mazkur bosqichning eng qiziqarli va biz uchun ahamiyatli bo‘lgan bahsi albatta, “Roma” va “Atletik Bilbao” uchrashuvi bo‘ldi, albatta. Ushbu o‘yinda o‘zbek o‘g‘loni Eldor Shomurodov “Roma” tarkibida o‘zini yana bir bor ko‘rsatdi.

Rim shahridagi “Olimpiko” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yinda hisob 50-daqiqada mehmonlar tomonidan ochilgan bo‘lsa, 56-daqiqada Anxelinyo uni tenglashtirdi. “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri 71-daqiqada Eldor Shomurodovni zaxiradan maydonga tushirdi.

Eldor kutilganidek o‘zining ajoyib texnikasi va tezkorligi bilan o‘yin tizginini o‘z qoliga oldi. Buning natijasida 90+3-daqiqada gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi. Shu tariqa, “Roma” o‘z maydonida “Atletik”ni 2:1 hisobida taslim etdi.
Eldor Shomurodovning ushbu uchrashuvdagi o‘yiniga dunyoning mashhur tahliliy portallari quyidagi ballarni qo‘ydi: “SofaScore” 7.2, “FlashScore” 7.3, “Futmob” 6.9 va “WhoScored?” tomonidan ham 6.9 ballga loyiq ko‘rildi.

Ushbu uchrashuvdan so‘ng, “Roma” bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri uchrashuv qahramoni Eldor Shomurodov haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– Oldindan hech narsa deb bo‘lmaydi. “Atletik” bilan bo‘lgan bahsda Eldor Shomurodov ilk daqiqalardan o‘ynaganida balki umuman gol urolmagan bo‘lardi. Balki hamma kiritilgan to‘plar muallifiga aylanardi. Shunday bo‘ladi, deb kim oldindan aytib bera oladi? Sabr-toqat bilan hamma narsaga erishish mumkin. Eldor Shomurodov gol urgan vaziyatda hamma o‘yindan tashqari holatni qidirdi. Lekin biz zaxira o‘rindig‘ida o‘tirib, bunday emasligini ko‘rib, bilib turgan edik, — dedi Klaudio Ranyeri.

Eldor Shomurodovning “Roma” tarkibida ko‘rsatayotgan o‘yini dunyo futbol mutaxassislari tomonidan munosib eʼtirof etilmoqda.