Jamiyat

Shahrisabz aeroporti vaqtincha yopiladi

Shahrisabz aeroporti vaqtincha yopiladi

2025-yil 13-mart soat 05:00 dan 25-mart soat 05:00 gacha Shahrisabz aeroporti vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur cheklov aeroport uchish-qo‘nish yo‘lagida boshlanadigan kapital taʼmirlash ishlari bilan bog‘liq. Uchish-qo‘nish yo‘lagi 1983 yildan beri foydalanib kelinayotgani va uning holati havo kemalarining qo‘nishi hamda uchishi xavfsizligini taʼminlash maqsadida taʼmirlanishi taʼkidlangan.

Taʼmirlash doirasida 1554 metrli uchish-qo‘nish yo‘lagining yuzasi almashtirilib, mustahkamlanadi, shuningdek, yurish yo‘lagi ustki qatlami yangilanadi. Tanlov natijalariga ko‘ra, bu ishlar «Farg‘ona yo‘llardan muntazam foydalanish korxonasi» tomonidan amalga oshiriladi.

Ayni paytga qadar Shahrisabz aeroporti cheklangan tartibda ishlab, haftasiga ikki marta L-410 samolyotlarini qabul qilgan. Remontdan so‘ng aeroport haftasiga uch martagacha o‘rta masofaga mo‘ljallangan ATR-72 samolyotlarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.