2025-yil 12–18-mart kunlari Yevropa ittifoqining xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela Markaziy Osiyo bo‘ylab rasmiy tashrifini amalga oshiradi. Bu haqda O‘zbekistondagi Yevropa ittifoqi delegatsiyasi xabar berdi.
Tashrif davomida Sikela mintaqa davlatlari hukumat vakillari bilan uchrashib, Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qiladi. Shuningdek, Global Gateway (“Global darvoza”) investitsion strategiyasi doirasidagi loyihalarni kengaytirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin olgan.
Komissar Turkmanistondan tashrifini boshlaydi, so‘ngra Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonda rasmiy uchrashuvlar o‘tkazadi. O‘zbekistonda esa yuqori martabali hukumat vakillari, tadbirkorlar va xalqaro moliya institutlari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan. Shuningdek, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrif buyurishi ham kutilmoqda.
Sikela tashrifi doirasida transport, energetika, raqamli infratuzilma, yashil iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolanishi mumkin.
Mazkur tashrif aprel oyida bo‘lib o‘tadigan birinchi Yevropa ittifoqi — Markaziy Osiyo sammiti hamda iyun oyiga rejalashtirilgan Global Gateway forumiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!