Oliy sud Qobil Dusovga tayinlangan 1 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘zgarishsiz qoldirilganini ma’lum qildi.
Sud matbuot xizmatiga ko‘ra, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 11-martdagi ajrimi bilan Yashnobod tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi ajrimi o‘z kuchida qoldirilgan.
Oliy sud ajrimdan norozi taraflar Toshkent shahar sudiga taftish tartibida shikoyat yoki protest bildirishga haqli ekanini qayd etdi.
Qobil Dusov ishi
Sobiq deputat, ijtimoiy tarmoq faoli Qobil Dusov 2024-yil 22-noyabrda Chilonzor tuman sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandiga binoan aybdor deb topilib, 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingandi.
Keyinchalik Yashnobod tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi sudga taqdimnoma kiritib, Dusovning jazo shartlarini buzganini bildirib, qolgan 11 oy 2 kunlik ozodlikni cheklash jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirishni so‘ragan. Sud ushbu taqdimnomani qanoatlantirib, 2025-yil 24-yanvarda Dusovga 11 oy 2 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga ko‘ra, Qobil Dusovga internetdan foydalanish, ommaviy tadbirlarda ishtirok etish va muayyan vaqtda yashash joyidan chiqish taqiqlangandi. Biroq u ushbu tartib-qoidalarga rioya qilmagani bois, 2025-yil 11-yanvarda IIO FMB Probatsiya bo‘limi tomonidan ogohlantirilgan va keyinchalik Kiberxavfsizlik tomonidan intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Natijada, Yashnobod tuman sudi Dusovning ozodlikni cheklash jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirdi. Mazkur hukm apellyatsiya tartibida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!