Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov va Fransiya tashqi savdo va xorijdagi fuqarolar bo‘yicha vazir-delegat Loran Sen-Marten Toshkent tramvay tizimini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi.
Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan hujjatlarni imzolash marosimida qatnashgan jurnalist Aziza Qurbonova xabar berdi.
Tramvay harakati to‘xtatilishi va qayta tiklanishi
2016-yil 2-may kuni Toshkentda harakatlanayotgan so‘nggi tramvay yo‘nalishi — “Beshqayrag‘och” va “Ippodrom” o‘rtasida qatnovchi 17-yo‘nalish yopilgan va shu tariqa shahar tramvay tizimining 115 yillik tarixiga nuqta qo‘yilgandi.
2022-yil fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi davomida fuqarolar murojaati sabab tramvayni Toshkentga qaytarish rejalari borligini bildirgan.
Shu yili noyabr oyida Toshkent tramvay tizimini fransuz kompaniyasi loyihalashtirishi ma’lum bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Transport vazirligi va Fransiya Tashqi savdo vazirligi o‘rtasida Toshkent tramvay tizimi loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Hujjatni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda uning fransiyalik hamkasbi Olivye Besht imzoladi.
Tramvay loyihasi tafsilotlari
Tramvay liniyalarini Fransiyaning Alstom kompaniyasi quradi.
Loyihaning qiymati 167,4 million yevro deb baholanmoqda.
Alstom – temiryo‘l transporti ishlab chiqarishda jahon yetakchilaridan biri.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov O‘zbekiston oxirgi 3–4 oy davomida Alstom bilan ushbu loyiha ustida ish olib borayotganini aytdi:
«Rahbariyatimiz loyihani jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Fransuz hamkasblarimiz bilan birgalikda texnik-iqtisodiy asoslash va loyihani ishlab chiqish jarayonini boshladik.»
Qaysi yo‘nalishlarda tramvay harakati yo‘lga qo‘yiladi?
2024-yil yanvarida Toshkent transport tizimiga g‘ildirakli tramvaylar integratsiyalashuvi taklif etildi.
2024-yil mart oyida Transport vaziri Ilhom Mahkamov tramvay orqali “eski” Toshkent va Yangi Toshkent bog‘lanishi, shuningdek, shahar ichida tramvay yo‘nalishlari ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Hozircha tramvay harakati qachon ishga tushirilishi bo‘yicha aniq sanalar e’lon qilinmagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!