Xitoyning arzon tovarlarini yetkazib beruvchi Temu ilovasi O‘zbekistonda eng ko‘p yuklab olingan ilovalar ro‘yxatidan tushib ketdi. Bu O‘zbekiston rasmiylarining platformani 20-martdan boshlab bloklash qaroridan keyin sodir bo‘ldi.
SimilarWeb ma’lumotlariga ko‘ra, 9-mart holatiga Temu ilovasi Google Play reytingida 35-o‘ringa tushib ketgan. iPhone foydalanuvchilari orasida esa u App Storeʼdagi 50 ta eng mashhur ilova qatoridan ham chiqib ketdi. Ayni paytda O‘zbekistonda Android foydalanuvchilari orasida eng ko‘p Chat GPT ilovasi yuklab olinmoqda.
Fevral oyida Temu Google Play reytingida 1-o‘rinda, App Storeʼda esa 2-o‘rinda bo‘lgan. So‘nggi yarim yil davomida platforma yuklab olishlar bo‘yicha yetakchilik qilib kelayotgandi.
Temu nega bloklanmoqda?
O‘zbekiston hukumati 2025-yil 1-iyuldan boshlab mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy elektron savdo platformalarining faoliyatini taqiqlash qarorini qabul qilgan. Ular O‘zbekistonda rasmiy ro‘yxatdan o‘tishi yoki sho‘’ba korxonasini tashkil etishi shart.
Rasmiylar bu talabni Temu uchun 20-martdan boshlab joriy etishga qaror qilgan va shu sanadan boshlab platforma mamlakat hududida bloklanadi. Fuqarolarga Temu orqali buyurtma bermaslik tavsiya etilgan, hali yetib kelmagan mahsulotlar uchun esa to‘lovlarni qaytarib olish imkoniyati mavjud.
O‘zbekiston hukumati Temuʼni elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsga doir ma’lumotlar, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va mualliflik huquqlari bo‘yicha qonunlarni buzishda ayblamoqda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili o‘zbekistonliklar Temu orqali 10 million dollardan ortiq xarid amalga oshirgan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!