AQSh Prezidenti Donald Tramp Grenlandiyaning anneksiya qilinishiga ishonchi komil ekanini ma’lum qildi. Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida u orolning AQSh tarkibiga qo‘shilishi mumkinligi haqidagi savolga: «O‘ylaymanki, shunday bo‘ladi», deb javob berdi.
Trampning ta’kidlashicha, Grenlandiya AQSh uchun xalqaro xavfsizlik nuqtayi nazaridan muhim hisoblanadi. U, shuningdek, Ryutte AQShning bu boradagi harakatlarida «muhim rol» o‘ynashiga ishonishini qo‘shimcha qildi.
Biroq NATO bosh kotibi bu masalani alyans muhokamasiga qo‘ymoqchi emasligini aytdi. Shu bilan birga, u Rossiya va Xitoyning Arktika mintaqasiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ta’kidlab, Grenlandiyaning strategik ahamiyatini tan oldi.
Daniya va Yevropa Ittifoqining javobi
Daniya rasmiylari Trampning bayonotlarini keskin qoraladi. Daniya parlamentining Mudofaa qo‘mitasi raisi Rasmus Yarlov X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida:
«AQShning Grenlandiyaga da’volari ikki NATO davlati o‘rtasida urushga olib kelishi mumkin», – deb yozdi.
Shuningdek, u Grenlandiya Daniyadan ajralish va AQSh tarkibiga kirish niyatida emasligini qayd etdi.
Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen esa Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashib, Yevropa davlatlari o‘z hududiy yaxlitligini himoya qilishini ta’kidladi. Frederiksen va Shols birgalikda bergan bayonotda «chegaralarni kuch bilan o‘zgartirish qabul qilinmasligi» qayd etildi.
Bundan tashqari, Frederiksen Parijga tashrif buyurib, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan ham uchrashdi. Makron davlatlar suvereniteti hurmat qilinishi kerakligini ta’kidlab, Grenlandiya masalasida Daniyani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
AQSh rasmiylari esa Trampning bayonoti yuzasidan hozircha qo‘shimcha izoh bermagan.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!