Jamiyat

Tadbirkor ayollar kengashi ish boshlamoqda

Tadbirkor ayollar kengashi ish boshlamoqda

Prezident qarori bilan endilikda Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashi faoliyat yuritadi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur tashabbus ayol tadbirkorlarning biznesda faol ishtirok etishiga ko‘maklashish, ularning huquqlarini himoya qilish hamda huquqiy, moliyaviy va amaliy yordam berish maqsadida tashkil etilgan.

Kengash ayol tadbirkorlarning muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri parlamentga yetkazish vakolatiga ega bo‘lib, ularning biznes tashabbuslarini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Hujjatga ko‘ra, kengash tarkibida 27 ta aʼzo bo‘ladi. Shulardan 21 nafarini tadbirkor ayollar tashkil etadi. Ular tomonidan:

▪️ 2 639 ta yangi ish o‘rni yaratilgan;

▪️ 7,6 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan;

▪️ 402,8 mlrd so‘mlik tovar aylanmasi amalga oshirilgan.

Taʼkidlanishicha, ushbu yangilik mamlakatdagi ayol tadbirkorlar uchun katta imkoniyat yaratadi.

“Biznes olamida o‘z o‘rnini mustahkamlashni istagan barcha ayollar uchun yangi davr boshlanmoqda!”, deyiladi Savdo-sanoat palatasi xabarida.

Maʼlumot uchun, Nozima Davletova kengash raisi sifatida faoliyat yuritadi. U hozirda Prezident administratsiyasining Tashqi aloqalar departamenti Tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni axborot-tahliliy taʼminlash boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib (2023-yildan) ishlab kelmoqda.

Quyida kengash aʼzolari bilan tanishishingiz mumkin: