Ish haftasining oxirigacha beqaror ob-havo saqlanib turadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Kunduzgi harorat +27…+29 darajagacha, ba’zi joylarda +30…+32 darajagacha uzoq davr kuzatilgan quruq va iliq ob-havodan so‘ng, 23-martda respublikning g‘arbiy hududlariga nam va nisbatan salqin havo massalari kirib kelishi boshlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘di, ba’zi joylarda kuchli bo‘ldi.
O‘zbekistonning barcha hududlariga nam havo massalari tarqaladi. Respublika bo‘yicha yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati +12…+15 daraja atrofida bo‘ladi.
Hafta davomida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi, faqat 26−28-mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli kam.
Bu kunlarda harorat asta-sekin pasayadi va kechalari +4…+6 daraja, kunduz kunlari +8…+13 darajani tashkil etadi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir yog‘adi, qorga aylanishi mumkin), 24−25-mart kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. 24−25-mart kunlari respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.
Toshkent shahrida 25-martda yomg‘ir yog‘adi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi +6…+8 daraja, kunduzi +12…+14 daraja bo‘ladi.
26−27-mart kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Shamol 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechalari +4…+6 daraja bo‘ladi, kunduz kunlari +8…+10 darajagacha pasayadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!