Jahon

Rossiya-AQSH muzokaralarining ikkinchi raundi boshlandi

Rossiya-AQSH muzokaralarining ikkinchi raundi boshlandi

Turkiyaning Istanbul shahrida bugun, 10 aprel kuni diplomatik vakolatxonalar faoliyatini normallashtirish bo‘yicha Rossiya-AQSH maslahatlashuvlarining ikkinchi raundi boshlandi, deb Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, muzokaralar Rossiya bosh konsulligi binosida yopiq shaklda boshlangan.

“RIA Novosti” xabar berishicha, muzokaralar kamida to‘rt soat davom etishi mumkin. Rossiya delegatsiyasiga Rossiyaning AQSHdagi elchisi Aleksandr Darchiyev boshchilik qilmoqda. Amerika tomoni nomidan Davlat kotibining Yevropa va Yevroosiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Sonata Koulter ishtirok etmoqda. Muzokaralarda Rossiya va AQSH diplomatik idoralari vakillari ham ishtirok etmoqda.

Rossiya delegatsiyasi rahbari Darchiyevning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining “zaharli merosidan” xalos bo‘lishga yordam berishi kerak. Shuningdek, maslahatlashuvlarning yangi raundida Rossiya tomoni ilgari olib qo‘yilgan diplomatik mulkni qaytarish haqida gapiradi. Bundan tashqari, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash masalasini ham qo‘yadi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 18 va 27-fevral kunlari ham Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod hamda Istambul shaharlarida Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasida muzokaralar boʻlib oʻtgan edi.