Jamiyat

“Yashil Xudud” barbod bo‘lyapti – fuqarolar ekologik falokatdan xavotirda

“Yashil Xudud” barbod bo‘lyapti – fuqarolar ekologik falokatdan xavotirda

Toshkent shahri, Olmazor tumanidagi ko‘p qavatli uylar aholisi va Toshkent Tibbiyot Akademiyasi (TTA) chet ellik talabalar yotoqxonasi yaqinida joylashgan 6 sotix maydondagi yashil hududda qurilish boshlanishi mahalliy fuqarolarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

Fuqarolarning aytishicha, ushbu hududda 80 dan ortiq mevali va manzarali daraxtlar o‘z kuchlari bilan ekilgan bo‘lib, ularning yoshi 1 yildan 10 yilgacha yetadi. “Yashil Makon” dasturiga to‘liq mos keluvchi ushbu maydon so‘nggi yillarda bolalar o‘yin maydonchasi, keksa va nogironlar uchun hordiq joyi sifatida xizmat qilib kelayotgan edi.

Lekin so‘nggi kunlarda mazkur hududda daraxtlarning quritilishi, kesilishi, shuningdek, qurilish ishlari boshlanishi aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Huquqiy asoslar shubha ostida
aholining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yashil hudud dastlab TTA tasarrufida bo‘lgan, biroq noma’lum asoslarda hokimiyat balansiga o‘tkazilgan. Daraxtlarning atayin quritilishi va so‘ngra “qurigan” deb tan olib kesilishi esa ekologik qonunlarga zid holat sifatida ko‘rilmoqda.

Shuningdek, fuqarolar tomonidan Olmazor tuman hokimiyati, mahalla idorasi va boshqa mas’ul tashkilotlarning vaziyatga befarqligi, joyiga chiqib holatni o‘rganmasligi tanqid qilinmoqda.

Qurilish xavfsizligi ham so‘roq ostida
Mahalliy aholining bildirishicha, bu hududda rejalashtirilayotgan qurilish normalarga to‘g‘ri kelmaydi. Shamol aylanishi, havo oqimi, avtomobil to‘xtash joyi, bolalar maydonchasi, shuningdek, elektr va suv ta’minoti yuklamalari e’tiborga olinmasdan, fuqarolar yashash sharoitlari keskin yomonlashishi mumkin.

Fuqarolar talabi: “Yashil hudud saqlab qolinsin!”
Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi 1200 nafardan ortiq fuqaro mazkur qurilishni to‘xtatish, hududga “Yashil Hudud” maqomini berish va auksion natijalarini bekor qilishni so‘ramoqda. Ular bu ishda Prezident tashabbuslari bilan boshlangan “Yashil Makon” dasturining amalda to‘liq amalga oshirilishini talab qilmoqda.

Mas’ullardan rasmiy munosabat kutamiz!
Demokrat Uz portali ushbu jamoaviy murojaatni e’lon qilish orqali Olmazor tumani hokimiyati, Ekologiya qo‘mitasi, Davlat mulki qo‘mitasi, hamda TTA rahbariyatidan mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh kutadi.