Turkiyaning Istanbul shahri Kadikoy tumanida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, joriy yilning 24 aprel kuni bosh konsulxona O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Istanbul shahrida yong‘in oqibatida vafot etgan 19 yoshli O‘zbekiston fuqarosining jasadini O‘zbekistonga qaytargan. Mazkur fuqaro Istanbul shahri Kadikoy tumani Fikirtepe mavzesida joylashgan ijaradagi uyda noma’lum sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan yong‘in oqibatida vafot etgan.
Marhumning jasadini O‘zbekistonga yuborish bilan bog‘liq barcha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi tomonidan to‘liq qoplab berilgan.
Bildirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaxslar tomonidan marhumni O‘zbekistonga yuborish uchun yordam puli yig‘ilayotgani haqidagi yolg‘on va asossiz ma’lumotlar tarqatilmoqda. Konsulxona fuqarolarni bu kabi noto‘g‘ri xabarlarga ishonmaslikka va rasmiy manbalarga tayanishga chaqiradi.
“Fursatdan foydalanib, Bosh konsulxona kuni kecha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 252-sonli “O‘zbekiston fuqarolarini xorijda tashkil etilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, endilikda chet elda bo‘lgan davrida vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini vatanga qaytarish bilan bog‘liq xarajatlar davlat tomonidan qoplanishini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!