O‘zbekistonda qator davlat va jamoat tashkilotlari, media sohasi ekspertlari ishtirokida sohani tartibga soluvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda 7-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida onlayn-platformalar foydalanuvchilari huquqlari, sohada yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlar, zamonaviy chaqiriqlar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbatida ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar uchun mavjud tartib va majburiyatlarni soddalashtirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartishlar kiritilishini ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda blogerlik faoliyati keng ommalashib, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan shaxslarning soni ortib bormoqda. Bu esa huquqiy tartibga solish zaruratini yuzaga keltirgan edi. Avvalgi tartiblarda ayrim blogerlar ommaviy axborot vositalariga tenglashtirilib, ularning zimmasiga ma’lum qonuniy majburiyatlar yuklatilgan edi. Endilikda esa ushbu tartiblar soddalashtirilmoqda.
Yangi taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
Blogerlar jurnalist sifatida emas, axborot tarqatuvchi fuqarolar sifatida baholanadi;
Ular uchun alohida ro‘yxatdan o‘tish yoki litsenziya olish talabi bekor qilinadi;
Mazmun jihatdan ayrim noaniq huquqiy normalar (masalan, “ijtimoiy xavfga ega bo‘lgan xabar tarqatish”)ga aniqlik kiritiladi;
Blogerlar faqat ommaga ochiq axborotdan foydalangan taqdirda jazoga tortilmasligi kafolatlanadi.
Axborot agentligi mutasaddilarining aytishicha, bu o‘zgarishlar blogerlar uchun ochiqlik va huquqiy aniqlikni ta’minlab, ular faoliyatiga ishonch va barqarorlik olib kiradi. Shu bilan birga, noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish, tuhmat yoki shaxsiy daxlsizlikka tajovuz kabi holatlar uchun mas’uliyat saqlab qoladi.
Yangi tartiblarning joriy etilishi 2025-yilning yoz oylariga mo‘ljallangan bo‘lib, ayni damda huquqshunoslar, blogerlar va mutaxassislar bilan jamoatchilik muhokamasi olib borilmoqda.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!