Madaniyat

Butunjahon qushlarni kuzatish kunlari nishonlanmoqda

Butunjahon qushlarni kuzatish kunlari nishonlanmoqda

Bugun O‘zbekistonda va butun dunyoda Butunjahon qushlarni kuzatish kunlari («World Birdwatch Day») keng nishonlanmoqda.

Mazkur xalqaro tadbir «BirdLife International» tashkiloti tashabbusi bilan ilk bor 1993-yilda «World Birdwatch» nomi ostida boshlangan bo‘lib, hozirda yuz minglab odamlarni birlashtiradigan yirik ekologik harakatga aylangan. An’anaga ko‘ra, ushbu kun oktyabr oyining birinchi haftasi oxirlarida o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda ham har yili Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkor tashkilotlar bilan birga qushlarni asrash va ularni kuzatishga bag‘ishlangan turli aksiyalarni amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, «Qishda qushlarga ko‘mak», “Qushlar bizning do‘stimiz”, Xalqaro qushlarni oziqlantirish kuni kabi tashabbuslar shular jumlasidan.

Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, respublikamiz hududida 487 turdagi qushlar mavjud. Shundan 52 turi Qizil kitobga kiritilgan noyob turlar hisoblanadi. Qushlarning 320 turi migratsiya jarayonida ishtirok etib, mamlakatimiz hududidan uchib o‘tadi.

Qushlarni kuzatish tadbirlari nafaqat ularning turlarini o‘rganishga, balki bioxilma-xillikni asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlash va jamoatchilikni ekologik muammolarga jalb etishga xizmat qiladi.