O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-sentyabr kuni vafot etgan atoqli davlat va jamoat arbobi, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Jo‘rabekov xonadoniga tashrif buyurib, marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.
Ta’ziya marosimi davomida Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Davlat rahbari marhumning ezgu ishlari, yurt ravnaqi yo‘lidagi xizmatlarini yodga oldi.
Ismoil Jo‘rabekov 1931-yil 12-sentyabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. U mehnat faoliyati davomida suv xo‘jaligi sohasida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritib, respublikada irrigatsiya va melioratsiya tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan. 1985-yilda O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.
Mustaqillik yillarida u Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, Davlat suv nazorati boshlig‘i, shuningdek, O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi.
So‘nggi yillarda Ismoil Jo‘rabekov suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlarda faol ishtirok etgan edi.
Davlat va jamoat arbobining xalq va Vatan oldidagi xizmatlari yuqori baholanib, u “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni hamda bir qator yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
Davlat rahbari marhumning farzandlari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirib, sabr-toqat tiladi. Marhumning oila a’zolari Prezidentga tashrifi va dalda so‘zlari uchun minnatdorlik izhor etdilar.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!