Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Green Hills Resort” majmuasida ekologiya va turizm mavzusiga bag‘ishlangan “Zakovat-25” respublika kubogi intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir “Zakovat” intellektual o‘yinining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Toshkent viloyati hokimligi, Bo‘stonliq tumani hokimligi, “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti va “Green Hills Resort” hamkorligida tashkil etildi.
Musobaqada respublikaning 14 hududidan kelgan jamoalar “Zakovat”, “Breyn-ring”, “Intellektual auksion”, “Shaxsiy o‘yin” kabi yo‘nalishlarda o‘zaro bellashishdi. Tadbir davomida mehmonlar professional zakovatchilar bilan shaxmat o‘yinida ham mahorat sinovidan o‘tish imkoniga ega bo‘ldilar.
Musobaqa savollari asosan atrof-muhitni muhofaza qilish, atmosfera havosining tozaligini saqlash, ozon qatlamini himoya qilish, bioxilma-xillikni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ichki hamda tashqi turizmni rivojlantirish mavzulariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ishtirokchilar adabiyot, tarix va san’atga oid savollarga ham javob berishdi.
Natijalarga ko‘ra, Toshkent shahri jamoasi 1-o‘rinni egallab, 300 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi. Farg‘ona viloyati 2-o‘rinni (200 million so‘m), Jizzax viloyati esa 3-o‘rinni (100 million so‘m) qo‘lga kiritdi.
Tadbir doirasida mehmonlar va jurnalistlar o‘rtasida o‘tkazilgan intellektual auksionda esa eng bilimdon ishtirokchilar kitoblar hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!