Nyu York tovar birjasida (COMEX) oltin narxi 21-oktyabrdagi savdolarda 6 foizga tushib, bir troya unsiyasi uchun 4100 dollarga baholandi. Bu — 2013-yildan beri qayd etilgan eng katta bir kunlik pasayishdir.
Kumush ham arzonlashgan, shuningdek Newmont kabi yirik tog‘-kon kompaniyalarining aksiyalari keskin tushgan. Oltin 4393 dollargacha ko‘tarilib, rekord o‘rnatganidan atigi bir kun o‘tib pasaydi. Bloomberg bu holatni investorlarning foyda olish maqsadida oltin sotishi bilan izohladi.
Toshkent vaqti bilan soat 19:45 ga kelib, pasayish 6,12 foizgacha tezlashib, kotirovkalar bir unsiya uchun minimal 4093 dollarga yetgan. Mutaxassislar AQSH dollari kursining tiklanishi ham oltin kotirovkalari pasayishiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.
“Vaziyat biroz xavotirli tus olmoqda. Asosiy sabab — kuchli ortiqcha xarid holati. Oltinning atigi olti hafta ichida 1000 dollarga qimmatlashgani narxlarning haddan tashqari oshganidan dalolat beradi”, — dedi MKS Pamp kompaniyasi tahlilchisi Nikki Shils.
Eslatib o‘tamiz, 16-oktyabr kuni oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4300 dollardan oshgan, 20-oktyabrda esa 4398 dollargacha ko‘tarilgan edi. AQSH va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik hamda Federal zaxira tizimining siyosati haqidagi kutilmalar fonida avgust oyidan beri davom etgan narxlarning “sakrashi” endi to‘xtagan ko‘rinadi.
Sizda shikoyat, taklif yoki murojaat bormi? Bizga @demokratuz_aloqabot orqali murojaat qiling!