Jamiyat

Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi atmosferani muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga bog‘liq xavflarni kamaytirish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.

Shu doirada vazirlik «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida havo ifloslanishining oldini olish va iqlim o‘zgarishining oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar» qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etdi.

Loyiha hududdagi eng dolzarb ekologik muammolardan biri — sanoat korxonalari va issiqxona xo‘jaliklaridan chiqadigan ifloslovchi moddalar hajmini kamaytirishga qaratilgan.

Hujjatda korxonalarning ekologik toza texnologiyalarga bosqichma-bosqich o‘tishi va atmosfera havosiga zararli ta’sirni kamaytirishga oid kompleks choralar belgilangan.

Qaror loyihasida quyidagi tadbirlar nazarda tutilgan:

  • sanoat korxonalari va issiqxonalarda chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish;
  • issiqxonalardagi eskirgan qozonlarni energiya samarador va ekologik toza tizimlar bilan almashtirish;
  • issiqxona va sanoat obyektlarini ko‘mir o‘rniga alternativ energiya manbalariga o‘tkazish;
  • ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tozalash inshootlari va avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, grantlar orqali moliyaviy rag‘bat yaratish.

Ushbu chora-tadbirlar ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini kamaytirib, ekologik xavfsizlikni oshirishi, Toshkent shahri va viloyati aholisi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishi kutilmoqda.

Shuningdek, bu tashabbus O‘zbekistonning iqlim barqarorligi va «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasida muhim qadamlardan biri sifatida qayd etilmoqda.