Madaniyat

To‘yda 14 qozon palov qilgan fuqaro javobgarlikka tortildi

To‘yda 14 qozon palov qilgan fuqaro javobgarlikka tortildi

Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida yashovchi 31 yoshli erkak to‘y marosimida 14 qozon palov tayyorlab, amaldagi tartiblarni buzganlikda ayblandi. Sud uni 4,1 million so‘m jarimaga tortdi.

Ma’lum bo‘lishicha, to‘y marosimi 2024-yil oktabr oyida o‘tkazilgan. Erkakka nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 192¹-moddasi (“To‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibini buzish”) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

Sud majlisida erkak o‘z aybini tan olib, quyidagicha izoh bergan:

“Hamma qarindoshlarni to‘ydirishni xohlagandim, oqibatini o‘ylamabman”, — degan u.

Sudda uning ishsizligi va ikkinchi guruh nogironligi inobatga olingan, ammo qonunchilik talablari asosida javobgarlikka tortilgan.

Sud qaroriga ko‘ra, unga 10 baravar bazaviy hisoblash miqdorida — 4,1 million so‘m jarima tayinlandi.

O‘zbekistonda to‘y va marosimlarni o‘tkazish tartibi 2020-yilda qabul qilingan hukumat qarori bilan belgilangan. Unga ko‘ra, mehmonlar soni, osh berish miqdori va xizmat ko‘rsatish shakllari qat’iy cheklangan.